G‘urumsaroy kulolchilik an’analari davom etmoqda (+video)
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatining Pop tumanida qadim an’analarga ega xalq amaliy san’atining G‘urumsaroy kulolchiligi maktabi shakllangan. Ko‘za, xum, barkash, qo‘shquloq, nimcharx, piyola, qaymoqdon, burama kosa, shokosa, damtovoq kabi uy-ro‘zg‘or hamda yodgorlik buyumlarida qo‘llanilgan naqshlar qadimiy milliy uslubda yaratilgan G‘urumsaroy kulolchiligi namunalaridir.
Hozirda usta kulollar tomonidan G‘urumsaroy kulolchiligi san’atining o‘ziga xos bo‘lgan barcha uslublari keng qo‘llaniladi. Ushbu maktabda asosan tabiiy xomashyo va ranglardan foydalanilgan holda ish bajariladi. Buyumlarga naqsh berishda asosan gullar va geometrik shakllar ishlatiladi. Xususan, idishlar naqshida gullarning “Chorbarg”, “Gajjaklar”, “Tuya ko‘z”, “Bodomcha”, “Larzana”, “Ilon yo‘li” kabi namunalari ko‘p uchraydi.
[gallery-14595]
Usta Vahobjon Buvayev G‘urumsaroy kulolchilik an’analarini davom ettirib kelayotgan mohir hunarmandlardan. Uning sa’y-harakatlari bilan “G‘urumsaroy” xalq hunarmandchiligi va kasb-hunarga o‘rgatish markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz faoliyatining asosiy maqsadi talabalar, maktab o‘quvchilari, yosh xotin-qizlar, imkoniyati cheklangan shaxslarni xalq hunarmandchiligiga va kasb-hunarga o‘rgatish, kasb mahoratini takomillashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
Joriy yil Farg‘ona viloyati Rishton tumanida o‘tkazilgan Xalqaro kulolchilik forumida 22 ta xorijiy davlat va yurtimizning turli hududlaridan kulollar ishtirok etib, unda kulol Vahobjon Buvayev “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan kulol” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Ushbu e’tirof kulolchilik an’analarni davom ettirishida ustaga yanada g‘ayrat va shijoat baxsh etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/L_mp4SzBrz4" title="G‘urumsaroy kulolchilik an’analari davom etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘zA fotomuxbiri Hotam MAMADALIEV olgan suratlar