Gumanitar yo‘lak ochish zarurati bor
“The Times of Israel” nashri ma’lumotiga ko‘ra, XAMAS hujumi natijasida mingdan ziyod isroillik, jumladan 123 harbiy xizmatchi o‘ldirilgan, 3 400 kishi yaralangan.
Falastinlik qurbonlar soni 840 dan ziyod, yaralanganlar 4 200 ga yetgan.
BMT G‘azo sektorida uyini tark etganlar 137 mingdan oshganini ma’lum qildi.
Isroil G‘azodagi 250 dan ko‘p ob’ektni o‘qqa tutgan. XAMASning jangovar qanoti – “Iziddin Al-Qassama brigadasi” guruhi Tel-Aviv, Ben-Gurion aeroporti, Gersliya, Beer-Sheva va Ashkelon shaharlarini bombalagan.

XAMAS siyosiy byurosi a’zosi Ismoil Xaniya jangovar harakat davom etar ekan, garovga olingan isroilliklar taqdiri bo‘yicha hech qanday muzokara olib borilmaydi, deb bayonot berdi.
Yevrokengash raisi Sharl Mishel BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan telefon orqali suhbatida Falastinga yordam berish zarurligini aytgan. Ko‘mak to‘xtalishi tashabbusi Fransiya va Ispaniyadan chiqqan edi.
Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti G‘azoga “gumanitar yo‘lak” ochishga chaqirdi.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, AQSH va Fransiya o‘zaro telefon muloqotida XAMASning amalini qoralab, Isroilni to‘la qo‘llashga kelishib oldilar.
Eron tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon fikricha, XAMAS operatsiyasi Isroilning “jinoiy harakatlari”ga javobdir. Uning Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Taxa bilan telefon orqali suhbatida barcha islom mamlakatlari Falastin xalqiga yordam berishga da’vat qilingan.
Xalqaro Inson huquqlari tashkiloti “Human Rights Watch” XAMASni ham, Isroilni ham avia bombalari va G‘azodagi choralari uchun harbiy jinoyatda aybladi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden “Biz Isroilni qo‘llab-quvvatlaymiz, fuqarolar himoyasi va javob hujumi uchun barcha yordamni beramiz”, dedi. Qo‘shma Shtatlar zarur bo‘lgan taqdirda Yaqin Sharqqa harbiy kuch tashlashi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.
Jahon banki prezidenti Ajay Banga “Reuters” agentligiga intervyusida aytishicha, XAMAS –Isroil mojarosi navbatdagi iqtisodiy inqiroz va gumanitar fojiani keltirib chiqaradi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 11-12 oktyabr kunlari Isroilga boradi.
AQSH va Isroil hukumatlari XAMAS hujum uyushtirishi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmagan, dedi Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan.
YeI bir necha o‘n yildan beri falastinliklarning oziq-ovqat, ijtimoiy va ta’lim dasturlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish xizmati xarajatini qoplab kelmoqda. BMT hisobotiga ko‘ra, G‘azo sektoridagi 2,1 million aholidan taxminan 1,5 millioni gumanitar yordamga muhtoj. YeI gumanitar yordamni hukumatga emas, joylarda loyihalar amalga oshirayotgan sheriklariga – xalqaro gumanitar, BMT tizimidagi va nohukumat tashkilotlarga taqsimlab beradi. Yevrokomissiya ayni maqsadda 2023 yil uchun jami 27,9 million yevro ajratgan.
Barcha falastinliklar terrorchi emas, XAMASning Isroilga hujumi uchun hammani jazolash “adolatdan bo‘lmaydi”. YeI tashqi ishlar va siyosiy xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel shunday bayonot bergan.
Abror Xon, O‘zA