“Gulzor“da qo‘shaloq bayram
Mamlakatimiz bo‘ylab Bosh qomusimiz qabul qilinganining 27 yilligi shodiyonasi davom etayotgan shu kunlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimiz bo‘ylab Bosh qomusimiz qabul qilinganining 27 yilligi shodiyonasi davom etayotgan shu kunlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi, tuman hokimligi mas’ullari, sektor rahbarlari, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aholi turmushi farovonligini oshirish, ularning bugungi yashayotgan kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlashda mahalla institutining o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Mahallalar jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mazkur tuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotir.
Mazkur farmonga muvofiq, fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), ularni zarur mebel, kompyuter, aloqa vositalari va internet tarmog‘i bilan ta’minlash vazifasi belgilangan. Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash yuzasidan Qibray tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Tumanimizda 88 ta fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritadi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qibray tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari X.Avazmatov. – Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi va joriy yil 2 apreldagi tegishli farmonlari talabidan kelib chiqib, ayni paytga qadar ularning 35 tasi ta’mirlandi. 3 ta fuqarolar yig‘inining binosi rekonstruksiya qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat mahallalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Joriy yil yakuniga qadar esa “Qipchoq” va “Nurobod” fuqarolar yig‘inlarining binosini ta’mirlab, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
“Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘inida 500 dan ortiq oilada 1 ming 800 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mazkur fuqarolar yig‘ini ayni paytga qadar hududdagi eski binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Davlat xususiy sherikchiligi asosida mahallaning yangi binosi bunyod etildi. Yangi binoda fuqarolar yig‘ini xodimlarining samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, bu yerga keladigan har bir fuqaro uchun barcha zarur sharoit va qulaylik yaratildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi tantanalariga ulanib ketdi.