Gulistonliklar Xitoyda tajriba oshirmoqda
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida erishilgan kelishuvlar bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda.
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida erishilgan kelishuvlar bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda.
Mazkur kelishuvlar doirasida Guliston davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Xitoyning Venchjou shahrida joylashgan Wenzhou Vocational College of Science and Technology bazasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-o‘quv dasturida ishtirok etmoqda.

Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulovning ma’lum qilishicha, 1–28-iyun kunlari davom etayotgan dasturning asosiy maqsadi ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish hamda ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirishdan iborat.
Dasturning ilk bosqichida ishtirokchilar o‘quv binolari, laboratoriyalar va innovatsion markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ta’lim jarayonining nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilgani delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.

Mashg‘ulotlar turli yo‘nalishlarni qamrab oldi. Xususan, Pan Sufeng tomonidan o‘tkazilgan “Insect Specimen Production” darsida hasharot namunalarini tayyorlashning ilmiy asoslari va ulardan tadqiqotlarda foydalanish usullari haqida ma’lumot berildi. Nazariy bilimlar laboratoriya mashg‘ulotlari bilan mustahkamlandi.
Shuningdek, Zheng Jinming rahbarligida tashkil etilgan “The Effect Production Film and Television” mashg‘ulotlarida kino va televideniye sohasida vizual effektlar yaratish, raqamli kontent tayyorlash hamda zamonaviy mediatexnologiyalardan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Dastur doirasida Xitoyning madaniy merosiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Gong Jiongtao tomonidan “Lion Dancing”, Feng Maohui tomonidan esa “Lacquer Painting” bo‘yicha darslar tashkil etilib, ishtirokchilar milliy an’analar va san’atning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Venchjou shahrining tarixiy obidalari, muzeylari va madaniy markazlariga tashrif buyurishib, mintaqa tarixiy va turizm salohiyati haqida keng tasavvurga ega bo‘lishdi.

8-iyun kuni Wenzhou Vocational College of Science and Technology, Guliston davlat pedagogika instituti hamda Toshkent davlat agrar universiteti vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va akademik almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida talabalar tomonidan milliy musiqa va qo‘shiqlar ijro etildi. Bu chiqishlar orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi va yoshlarning ijodiy salohiyati namoyon etildi.

– Shubhasiz, mazkur xalqaro dastur Sirdaryodan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar va talabalarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini boyitish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi Nurbek Ayaqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri