Gulistonlik Sayyora «Yil o‘qituvchisi» bo‘ldi(+video)
O‘qituvchi mehnatining eng katta natijasi — shogirdining yutug‘i. Guliston tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Sayyora Eshbekova uchun bu tamoyil bugun yana bir muhim natija bilan tasdiqlandi. U mamlakatda ilk bor o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘mlik pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilda ilk bor o‘tkazilgan tanlovda respublika bo‘yicha 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Uch bosqichli bellashuv yakunida 208 ta tuman va shahardan birinchi o‘rinni egallagan pedagoglar g‘olib deb topildi. Tanlov g‘oliblarining har biri 616 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilandi.
Sayyora Eshbekovaning bu muvaffaqiyati zamirida esa bir necha yillik mehnat, izlanish va o‘z kasbiga yangicha yondashuv bor.
U 2012–2016-yillarda Guliston davlat universitetida filologiya yo‘nalishi, o‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha tahsil oldi. Oliy ta’limda olgan bilimlarini maktab amaliyoti bilan uyg‘unlashtirib, bugun yosh avlodga ona tilimiz sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Pedagogning kasbiy mahorati «Yil o‘qituvchisi» tanloviga qadar ham bir qator natijalarda namoyon bo‘lgan. 2025–2026 o‘quv yilida attestatsiyadan 94 ball bilan o‘tib, oliy malaka toifasiga ega bo‘ldi va 70 foizlik ustama oldi.
Shundan so‘ng u Vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan suhbatda ham yuqori natija qayd etdi. Viloyat uchun ajratilgan 9 ta kvotadan 2-o‘rinni egallab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdoridagi ustamaga sazovor bo‘ldi. Ammo ustozning kasbiy natijalarini faqat shaxsiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning mehnati shogirdlari erishayotgan yutuqlarda ham aks etmoqda.
Sayyora Eshbekovaning o‘quvchilari tuman fan olimpiadasida birinchi o‘rinni egallashib, viloyat bosqichida ham faol ishtirok etishdi. O‘nga yaqin shogirdi o‘zbek tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat sohibi bo‘lishdi.

Ustozning o‘zi ham mazkur fan bo‘yicha milliy sertifikatga ega. Bu esa o‘z fanini chuqur o‘zlashtirish bilan birga, uni o‘quvchiga yetkazishning samarali usullarini izlashga undaydi.
— O‘n yillik pedagogik faoliyatim davomida dars jarayonida o‘quvchilarning yoshi, qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, turli interaktiv metodlardan foydalanaman. Asosiy maqsadim — o‘quvchi olgan bilimini amaliyotda qo‘llay olishi. Darslarning muhim bosqichlarida debat usulidan foydalanishga alohida e’tibor qarataman. Bu ularning o‘z fikrini erkin ifodalashi, dalil keltirishi, tahlil qilishi va tanqidiy fikrlashini rivojlantiradi, — deydi Sayyora Eshbekova.

Uning aytishicha, tanlovga tayyorgarlik jarayonida vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va har bir fursatdan unumli foydalanish muhim bo‘lgan.
— Bo‘sh vaqtim bo‘ldimi, qo‘limga kitob oldim. Vaqtimdan unumli foydalanib, kompyuterimda taqdimotim ustida ishladim. Har bir bosqichga jiddiy tayyorlandim. Chunki tanlovda nafaqat o‘z biliming, balki uni qanday namoyon eta olishing ham muhim, — deydi u.
Tanlov natijalari e’lon qilingan kun esa ustoz uchun alohida hayajonli bo‘ldi.
— Ushbu tanlov natijalari vazirlik tomonidan e’lon qilingach, dastlab bunga ishonmadim. Oila a’zolarimiz bilan birga ro‘yxatni ko‘zdan kechirdik. Ro‘yxatdan «Eshbekova Sayyora» degan ism-familiyani o‘qiganimda, yuragimda bir narsa duk etib urdi. Bu quvonchni so‘z bilan ifodalash qiyin, — deydi Sayyora Eshbekova. Uning bu muvaffaqiyatida oila qo‘llovi ham alohida o‘rin tutadi. O‘zi e’tirof etganidek, pedagog uchun kasbiy o‘sishga intilishda yaqinlarining ishonchi katta kuch bergan.
— Menga asosiy kuch bergan narsa — Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, pedagoglar uchun yaratilayotgan ko‘plab imkoniyatlardir. Yurtboshimizning bizga shunchalik katta ishonch bildirib, imkoniyatlar yaratayotgani menga dadil qadam tashlash uchun kuch berdi. Birinchi navbatda, shu ishonch meni ruhlantirdi. Ikkinchi navbatda esa ota-onam va oila a’zolarimning menga bo‘lgan ishonchi, doimo ortimda tayanch bo‘lib turishi katta kuch bag‘ishladi, — deydi Sayyora Eshbekova.

Bugun ta’lim jarayonini faqat yodlashga asoslangan usullar bilan cheklab bo‘lmaydi. O‘quvchining mustaqil izlanishi, fikrlashi va bilimni amaliyotda qo‘llay olishi muhim. Shu bois ustoz darslarida interaktiv pedagogika, loyihaga asoslangan ta’lim, keys-stadi, raqamli texnologiyalar, ta’limiy o‘yinlar va musobaqa elementlaridan foydalanadi. Munozara va debatlar esa o‘quvchilarning dunyoqarashi va muloqot ko‘nikmalarini boyitishga xizmat qiladi.
Sayyora Eshbekova to‘plagan tajribasini hamkasblari bilan baham ko‘rishga ham intiladi. Mahorat darslari, treninglar va ochiq mashg‘ulotlar orqali o‘zining samarali metodlarini boshqa pedagoglarga taqdim etib kelmoqda. «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik esa ustoz uchun yangi mas’uliyat bosqichini boshladi.
— Bu g‘oliblik men uchun faqat e’tirof emas. U zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Har bir darsga puxta tayyorgarlik ko‘rish, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish va ta’lim sifatini izchil oshirishga intilishim kerak. Eng muhimi, bildirilgan ishonchni yangi natijalar bilan oqlashim zarur, — dedi Sayyora.
Endi uning oldida yangi maqsadlar turibdi. Sayyora Eshbekova o‘zbek tili va adabiyoti darslarini raqamli texnologiyalar bilan boyitish, o‘quvchilarda tanqidiy va tahliliy fikrlash, mutolaa madaniyati va savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan metodik qo‘llanmalar ustida ishlashni rejalashtirmoqda.

— Maqsadim — o‘zbek tilini o‘quvchilar uchun zamonaviy va jozibador fan sifatida ko‘rsatish. Har bir o‘quvchim qalbida ona tilimizga nisbatan ehtirom va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otishni istayman. Kelajakda keng dunyoqarashli, milliy qadriyatlar va zamonaviy bilimlarni uyg‘unlashtirgan, o‘z fikrini erkin bayon eta oladigan yoshlarni tarbiyalash uchun bor bilim va tajribamni safarbar etaman. Men uchun eng asosiysi — o‘z kasbimning chinakam fidoyisi bo‘lib qolish, — deydi Sayyora Eshbekova.
Gulistonlik ustozning «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘olibligi — yillar davomidagi mehnat, izlanish va pedagogik yondashuvning natijasi. 616 million so‘mlik mukofot esa bu yo‘ldagi yakuniy marra emas, balki yangi maqsadlar sari intilish uchun katta rag‘bat.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/T7KLlN03Zbo?si=fREOqVZ37poP932-" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri