Gulistonda oqova suv tozalash tizimi imkoniyatlari namoyish etildi
Suv ta’minoti va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish bugun nafaqat kommunal sohani rivojlantirish, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi va jamoatchilikka tezkor yetkazilishi sohadagi ishonch hamda samaradorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan oqova suv tozalash inshootida ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar inshootning faoliyati, oqova suvlarni tozalashning texnologik jarayonlari hamda laboratoriya tahlillari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan mazkur inshootning umumiy qiymati 7 million AQSH dollarini tashkil etadi. Inshoot 2025-yil 1-iyundan ishga tushirilgan bo‘lib, bir sutkada 25 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega.
Ta’kidlanishicha, bunday inshootlar sanitariya va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhit muhofazasi hamda aholi uchun qulay yashash sharoitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Press-tur doirasida jurnalistlar inshoot laboratoriyasida oqova suv namunalarini tahlil qilish jarayonlari bilan ham tanishib, tozalash natijalarining ekologik ko‘rsatkichlari qanday nazorat qilinayotgani haqida batafsil ma’lumot oldi.
Tadbirdan so‘ng “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati hamda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda viloyatda va Respublika miqyosida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, oqova suv xizmatlari tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Jumladan, “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ bosh muhandisi Mahmud Yarovning ta’kidlashicha, bugungi kunda viloyat aholisining 88,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
– Joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 182 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 3 ta suv inshooti qurilishi yakunlanmoqda. Shuningdek, Guliston shahrini 24 soatlik ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida 87 kilometr tarmoq tortildi. Natijada 22 ming xonadon yoki 102 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi, – dedi u.
[gallery-29520]
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov esa respublikada sohani isloh qilish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, suv ta’minoti tizimining barqaror faoliyati nafaqat infratuzilmani rivojlantirish, balki iste’molchilarning to‘lov intizomi va suvdan oqilona foydalanish madaniyati bilan ham bevosita bog‘liqligini qayd etdi.
Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sohadagi mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
Nilufar Bozorova, Umid Obidjonov (surat), O‘zA