Gulistonda «Eng kitobxon direktor» aniqlandi
Gulistonda «Eng kitobxon direktor» ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2020 yil 14 dekabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qarorga ko‘ra viloyat hokimining joriy yil 2 martda imzolagan «Kitobxonlik oyligini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Guliston shahrida tashkil etilgan «Eng kitobxon direktor» ko‘rik tanlovida hududiy bosqichlar orqali saralangan 8 ta umumta’lim maktabining direktorlari 3 ta shart bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Yoshlarimizni kitob mutolaa qilishga ma’lum darajada jalb qila oldigu, ammo bu – bugun kitobga mehr qo‘ymagan o‘quvchi va talaba-yoshlar qolmadi, degan ma’noni anglatmaydi va hali bu borada ancha-muncha ishlarni amalga oshirishimiz shart, – deydi Sirdaryo viloyati til markazi rahbari, Guliston davlat universiteti dotsenti, hakamlar hay’ati raisi Qobil Kubayev. – O‘zi kitob o‘qimaydigan maktab direktori, sinf rahbari, o‘qituvchi, qolaversa, ota-ona o‘quvchisi va yoki farzandini qanday qilib kitob o‘qishga, kitobni sevishga, unga mehr qo‘yishga undashi mumkin? Bolani qo‘liga majburlab kitob berib qo‘yishingiz mumkin, lekin, o‘zingiz namuna bo‘lmas ekansiz, jigarbandingizni, shogirdingizni qalbida kitobga mehr va muhabbatni uyg‘otishingiz amri-mahol. bugungi kabi tanlovlar esa ayni yoshlarimizni kitobga bo‘lgan qarashini o‘zgartirishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktab rahbarlarining jamg‘argan 1-2 balli farq – ularning ushbu ko‘rik-tanlovga puxta hozirlik ko‘rib kelganing yaqqol isbotidir.
[gallery-1636]
Badiiy uslubdagi tanishtiruv, Jahon va o‘zbek adabiyotlaridan tezkor savol-javoblar, «Men sevgan kitob qahramoni» shartlarida hammadan ko‘p ball jamg‘argan shahardagi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori Muqaddas Oqilova mutlaq g‘olib deb topilib, «Eng kitobxon direktor» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Guliston shahridagi 6-umumta’lim maktabi direktori Nazokat Rahmatova va 11-sonli maktab direktori Sirojiddin Bektemirov mos ravishda 2- va 3- o‘ringa loyiq ko‘rildi.
G‘olib va sovrindorlarga Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan diplom, Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasidan o‘rin olgan sara kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA