Gulchilik bo‘yicha tajriba maktabi yaratilmoqda
Sirdaryo tumanidagi Ilg‘or mahallasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida gulchilik maktabini yaratishga kirishildi.
Buning uchun mahallada yetarlicha shart-sharoit, ishchi kuchi bor. Ushbu hudud aholisining katta qismi yil o‘n ikki oy issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanib, ko‘chat, ko‘kat, bodring, pomidor, bolgar qalampiri, karam va gul karam yetishtirib bozorlarimizning to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Eng asosiysi, ular mehnatlari tufayli daromadli bo‘lishmoqda.

Endi ular qatoriga bir-biridan chiroyli, xushbo‘y gullar yetishtiruvchilar ham qo‘shiladi. Bu boradagi ishlar esa allaqachon boshlab yuborilgan. Aholi, ayniqsa, xotin-qizlar gulchilikka qiziqishining ortishi Ilg‘orda gulchilar maktabi shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
–Gulchilik serdaromad soha ekanligini bilamiz, – deydi mahalla xotin-qizlar faoli Dilfuza Aliyeva. – Mahallamiz fuqarosi Bahoroy aya Nurtoyeva shu yo‘nalishdagi faoliyatni yo‘lga qo‘ydi. Uning orqasidan uy qurdi, to‘ylar qilmoqda. Asosiysi, hech kimdan kam bo‘lmadi. Qaytanga elning obro‘li kishilaridan biriga aylandi. Asosiysi, u yetishtirayotgan bir-biridan chiroyli va xushbo‘y gullarni nafaqat Sirdaryo viloyati, hattoki qo‘shni viloyat bozorlarida ham ko‘rishingiz mumkin.

Bu boradagi ishlarni nafaqat Ilg‘orda, tumandagi boshqa mahallalarda ham yo‘lga quyish, xotin-qizlarning gulchilik sohasi sir-sinoati, ekish, parvarishlash, yetishtirish va bozorga chiqarish bilan bog‘liq tajribalarini orttirish, gulchilikka muhabbatini oshirish, ushbu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Sirdaryo tumanining "Ilg‘or" mahalla fuqarolar yig‘inida kattagina o‘quv-seminar ham tashkil etildi.
Gulchilikka bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘quv- seminarga Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor" faxriy unvoni sovrindori Sharofat Noriyeva, mazkur tuman Kengashi deputati Nigora Asqarova ham qatnashdi.

Ular gulchilikni rivojlantirish borasida Sharof Rashidov tumanida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot beribgina qolmay, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
–Dunyoda ayol zoti borki, gul ham bor. Shu sohaga quygan mehrim, kamtarona qilgan mehnatlarim tufayli Yurtboshimizning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldim, – deydi tadbirkor Sharofat Noriyeva. – Sizlarda imkoniyat bor, shart-sharoit ham. Birozgina hafsala bo‘lsa bo‘ldi. Gulchilik sohasi orqasidan ishli, ham daromadli bo‘lasiz. Bu esa, oilangizga qo‘shimcha daromad keltirib qolmay, menga o‘xshab el e’tirofiga, hurmatiga sazovor bo‘lib yurishlaringizga sabab bo‘ladi.

Gulchilikni yo‘lga quyish, rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv-seminarda tuman xotin-qizlar faollari, ushbu sohaga qiziqqan xotin-qizlar ishtirok etib, tajribasini oshirdi.
Bu esa, ushbu mahallada Sayxunobod va Uychi tumanlari tajribalari asosida aholining bandligini ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish borasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
O‘quv-seminar yakunida gulchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxati ham shaklantirildi. Endi ular Ilg‘or mahallasidagi gulchilik sir-sinoatini o‘rgatadigan maktabda o‘qib, o‘zlarining tajribasini orttiradi. Bu esa ularning ham ishli, ham daromadli bo‘lishiga sharoit yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri