Gulchehra Jamilova:"Mana shu yoshimda ham e’tiborda ekanimdan quvondim” (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda "O‘zbekiston Respublikasida xizmat kursatgan yoshlar murabbiysi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan O‘zbek Milliy akademik drama teatri faxriy aktrisasi Gulchehra Jamilovaning fikrlarini oldik.
– Bu kutilmagan e’tirof bo‘ldi men uchun. Mana shu yoshimda ham bizdek aktrisalarni unutmasdan qilgan e’tiborlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman. Shukrki, ulug‘ bayramlarimizga ham yetib keldik. Shukuhli kunlar uchun Prezidentimiz undayotgan ulug‘ maqsadlardan biri nima bilasizmi? Biror ish qiladigan bo‘lsang, butun vujuding bilan berilib qilgin, o‘rgangin, izlangin, topgin, yaratgin. Faqat diling bilan, o‘zingning xohishing bilan, mas’uliyatni sezib qilgin. Bugungi yoshlar mana shuni unutmasligi kerak.
– San’atingiz bilan bugungi kunda jamiyatimizga o‘zingiz istagandek xizmat qila oldim deb o‘ylaysizmi?
– Men uchun kam. Bu pog‘onaga, o‘ylaymanki, san’atkor hech qachon yetolmasa kerak. Hamisha orzu-umidi bo‘ladi odamning. Modomiki yuragi urib turar ekan, har bir narsani o‘rganib boradi. “Armonim qolib ketdi, bir narsaga ulgurmadim qilishga, bir narsani yana o‘ynamoqchi edim, yaratmoqchi edim, taqdim qilmoqchi edim tomoshabinga” degan umid bilan yuradi. Men ham shunday o‘ylayman.
– Shu o‘rinda san’at sohasi vakillariga, yosharga tavsiyalaringiz?
– O‘rganing, izlaning, o‘qing. O‘rganishning hech qachon chegarasi bo‘lmaydi.
Davomi quyidagi videoda…
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.