Gukesh – Sindorov: Shaxmat toji uchun kechadigan chempionlik jangining bosh hamkori ma’lum
Jenevada hamyurtimiz Javohir Sindorov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju ishtirokida shaxmat toji uchun kechadigan FIDE Jahon chempionati 2026 musobaqasining bosh hamkori nomi e’lon qilindi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti va Xalqaro maktab shaxmat federatsiyasi rahbari Timur Turlov bosh direktorligidagi “Freedom Holding Corp” kompaniyasi mazkur musobaqa bosh hamkoriga aylanganini tasdiqladi.
Joriy yilning 22 nobr – 12-dekabr kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida hindistonlik jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘z chempionligini o‘zbekistonlik Javohir Sindorovdan himoya qiladigan mazkur musobaqa 14 ta klassik o‘yindan iborat bo‘lib, uning ochilish marosimi 22-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Jenevadagi “Palais des Nations” saroyida o‘tadigan chempionlik bahsi eng yosh shaxmatchilar ishtirokida kechishi bilan ahamiyatli bo‘lib, shaxmat toji uchun musobaqa boshlangan 1886-yildan beri ilk bor yigirma yoshli grossmeysterlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda.
Aytish lozimki, “Freedom Holding Corp” kompaniyasi 2023-yildan beri FIDEning strategik hamkori. Kompaniya bugungacha shaxmat bo‘yicha bir qator jahon chempionatlari, nufuzli turnirlarni tashkil etishda ishtirok etib kelmoqda.
- Ushbu kompaniya ko‘p yillar davomida shaxmat musobaqalarini tashkil etishda qatnashib keladi. Sindorov va Gukesh o‘rtasidagi Jahon chempionati musobaqasini qo‘llab-quvvatlayotgani tahsinga sazovor. Shaxmatning falsafasini, shaxmat toji uchun bo‘ladigan musobaqani, yoshlar o‘rtasidagi birinchiliklarni, ta’lim yo‘nalishidagi tashabbuslarga xayrixohlik, bu, bugungi kunda muhim hisoblanadi, deya o‘z munosabatini bildirdi FIDEning vaqtinchalik prezidenti Vishvanatan Anand.
Ta’kidlash kerakki, Gukesh Dommaraju-Javohir Sindorov ishtirokidagi musobaqa jahon shaxmat olamining eng muhim va asosiy tadbiri sanaladi. Uni tashkil etish, o‘tkazish hamda texnik-taktik masalalarini hal etish Xalqaro shaxmat federatsiyasi oldida turgan muhim vazifa hisoblanadiki, tashkilotchilar, homiylar qatorida ishonchli hamkorlar tashabbus ko‘rsatishi yil musobaqasining professional tashkil etilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining sovrin jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Taqsimotga ko‘ra, g‘olib 1,3 million dollar, 2-o‘rin sohibi 1,2 million dollar bilan taqdirlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA