Gruziya hukumati iste’fo berdi
Gruziyada qonun bo‘yicha yangi parlament faoliyatini boshlagandan keyin hukumat o‘z-o‘zidan iste’foga chiqadi. Vazirlar mahkamasi yangi hukumat tasdiqlangunga qadar muayyan vazifani bajaruvchi maqomini egallab turadi.
Bugun Tbilisida yangi saylangan parlamentning birinchi majlisi bo‘ldi. Yig‘ilishda faqat “Gruziya orzusi” partiyasidan saylangan deputatlar ishtirok etgan, chunki 31 oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasida parlament tarkibiga kirgan muxolifatchilar deputatlik mandatidan voz kechishdi. Ular saylovni qalbakilashtirilgan, deb hisoblamoqda.
O‘zA