Grossi ilk bor MAGATE Boshqaruvi kengashini chaqirdi
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi vakolati muddati davomida birinchi marta Agentlik Boshqaruv kengashini yig‘di.
– Bu Erondagi jiddiy vaziyatdan dalolat, – dedi RFning mazkur xalqaro tashkilotdagi doimiy vakili o‘rinbosari Roman Ustinov “RIA Novosti” muxbiriga.
Yig‘ilishda AQSHning Eron yadroviy inshootlariga zarbasi mavzusi muhokama qilingan.
– Ushbu navbatdan tashqari sessiya kengashga a’zo biror davlat emas, balki rahbar tashabbusi bilan chaqirildi, – deyilgan xabarda. – U ayni vakolatga ega, ammo ilk bor shunday yig‘in tashkil etilgani vaziyat nechog‘li jiddiyligini ko‘rsatmoqda. Bosh direktor Isroil va AQSH Eron yadroviy inshootlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba bergandan keyingi vaziyat butun yadroviy qurol tarqatmaslik tizimi uchun o‘ta
og‘ir oqibatga olib kelishi va shuning uchun ba’zi qadamlar qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
– Tabiiyki, biz bu fikrni qo‘llab-quvvatladik, – deya vaziyatga aniqlik kiritgan rossiyalik diplomat.
22 iyunga o‘tar kechasi AQSH Eronning Natanz, Fordo va Isfahondagi uch yadroviy ob’ektiga zarba berdi. Vashington hujum yadro dasturini yo‘q qilish yoki jiddiy ravishda zaiflashtirish maqsadida uyushtirilganiga urg‘u berdi. O‘z navbatida Eron Atom energiyasi tashkiloti Islom Respublikasi yadro sanoati rivojlanishdan to‘xtamasligini bildirdi.
Ayni payt AQSHning hujumi xalqaro miqyosda salbiy aks sado berdi. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish endi mintaqada xavf avj olib, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid kuchayishini taxmin qilmoqda. Rossiya ham AQSH Erondagi yadro inshootlariga zarba berganini keskin qoraladi.
– Ular xalqaro huquq, BMT Nizomi va Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzmoqda, – deyilgan RF bayonotida. – Moskva MAGATEdan voqealarga xolis munosabat kutadi.
S.Rahimov, O‘zA