Grant loyihasi: istiqbol va samara
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan “Buxoro yoshlari” gazetasining “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” loyihasiga 40 million so‘mlik grant ajratilgan edi.
Buxoro yoshlar markazida "Buxoro yoshlari" gazetasining "Mustaqillik yillarida mamlakatimizda turli sohalarda erishilgan yutuqlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash" dasturi asosidagi "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!" grant loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda loyiha byicha batafsil ma’lumot berildi.

– Bugun bosma nashrlarning yashab qolishi uchun juda murakkab vaziyat bo‘lishiga qaramay, gazetani asrab qolish, ertangi kunini yarata olish uchun kichikkina jamoamiz bilan bir tanu bir jon bo‘ldik, – deydi gazeta muharriri Laylo Hayitova. – Gazetamiz yoshlar nashri bo‘lgani uchun ham loyiha maqsadi nashr moddiy-texnik bazasini kuchaytirishdan tashqari, ko‘proq yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tahririyatimiz ikkinchi bor davlat grantiga ega bo‘lmoqda. 2017 yilda shunday grant loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirganmiz. Kutilmagan "syurpriz" larimiz yuzlab yosh ijodkorlarni tahririyat atrofida birlashtirgan. Joriy loyihamizda esa yanada yuksakroq maqsadlarni ilgari surganmiz.
Loyihaning maqsadi yoshlar va aholini demokratiya, taraqqiyot va ravnaq, tinchlik, hamkorlik, yaratuvchanlik, erkinlik va farovonlik tamoyillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatishga, shukronalikka chorlashdan iborat. Shuningdek, xalqimiz yangi hayot, yangi jamiyat asoslarini qurayotgan hozirgi davrda odamlarni turli xatarlardan ogoh etish orqali faollikka undash, hozirgi kun yoshlarining ijtimoiy befarqligi oshib borayotganiga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlashdir. O‘quvchi yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘ining oshib borayotgani sabablarini o‘rganish hamda ularning oldini olish uchun amaliy ishlarni bajarish ko‘zda tutilgan.

– Loyiha doirasida barcha ommaviy axborot vositalari orqali mustaqillik yillarida mamlakatimiz va Buxoro viloyatida turli sohalarda erishilgan yutuqlar targ‘iboti kuchaytiriladi, – deydi gazeta muharriri Laylo Hayitova. – Natijada keng jamoatchilik xabardor qilinadi. Bu o‘z-o‘zidan yoshlar va aholining mustaqillikka bo‘lgan shukronasi oshirib, erkin va farovon jamiyatga bo‘lgan ishonchini oishiradi. Bu esa ko‘pgina noxush voqealarning, jumladan, turli huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga, odamlarda qonunlarga hurmat hissi shakllanishiga xizmat qiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun Buxoro viloyati hokimligi, Prezident adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat IIB, viloyat prokuraturasi, Buxoro harbiy gornizoni, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, viloyat "Avlodlar istiqboli" yoshlar axborot ma’rifat markazi, "Buxoro" viloyat teleradiokompaniyasi, "Istiqlol" teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, "Buxoro kitob olami" savdo majmuasi hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.


Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari va blogerlar tomonidan berilgan savollarga to‘liq javob berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA