Grant g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi
Buxoro shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyida Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Ijtimoiy sheriklik komissiyasining qaroriga asosan “Mahallalarda aholi bilan olib boriladigan ishlarda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” 2- hamda “Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” mavzularidagi 3-davlat granti tanlovlari g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining a’zolari, jamoat fondi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, milliy madaniyat markazlari rahbarlari, grant tanlovlari g‘oliblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

–Viloyat jamoat fondiga joriy yilda 1 milliard 50 million so‘m mablag‘ ajratildi, – deydi Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bosh mutaxassisi Munira Sa’dullayeva. – Ushbu mablag‘ davlat granti ko‘rinishida ajratilishi belgilangan.

Ijtimoiy sheriklik komissiyasining qaroriga asosan, 2-3-tanlov mavzulari e’lon qilingan edi. Taqdim etilgan loyihalar komissiya a’zolari tomonidan tegishli tartibda ko‘rildi. Ushbu tanlovga 35 ga yaqin NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan loyihalar qabul qilindi. Ijtimoiy sheriklik komissiyasi o‘rganishlari natijalari yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi. Komissiya qaroriga ko‘ra loyihalar ma’qullandi. Har bir loyihaga 60 million so‘mdan mablag‘ ajratildi.
G‘oliblarga sertifikatlar topshirildi. Yig‘ilishda xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Abira Huseynova qatnashdi.
Zarif Komilov
O‘zA muxbiri