G‘ozg‘on —yangilanishlarga yuz tutgan go‘sha
“Yangi O‘zbekistonning yangi shahari” maqomini olgan G‘ozg‘on yurtimizning eng qadim go‘shalaridan biri sanaladi va marmar konlariga boy mazkur hududda bugun barcha sohada jadal rivojlanish kuzatilayotir.
Yangi shaharning bosh me’mori aynan Prezidentimiz ekanligini qayd etish joiz. Davlatimiz rahbari 2018 yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, G‘ozg‘on konlaridagi toshni qayta ishlash bo‘yicha bir qator yirik korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, buning uchun hudud infratuzilmasini rivojlantirish borasida topshiriqlar bergan edi. Bu G‘ozg‘on shahrining tashkil etilishida muhim qadam bo‘ldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on shaharchasini G‘ozg‘on shahri etib o‘zgartirish, G‘ozg‘on shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq rasman G‘ozg‘on shahri vujudga keldi.
G‘ozg‘on shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi tomonidan o‘tgan davrda 906 metr kvadrat beton yo‘laklar, uchta bolalar maydonchasi hamda bitta qozonxona o‘rnatildi. 2021 yilning dastlabki yarim yilligida “Obod mahalla” dasturi doirasida “Hurriyat” ko‘chasidagi 13 ta ko‘p qavatli uy va ularning atrofi obodonlashtirilib, 160 metr asfalt qoplama yotqizildi, binolarning fasad qismi to‘liq ta’mirlandi va kirish yo‘laklari tartibga keltirildi. Ushbu dastur doirasida “Marmarobod” va “Tumar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 20 kilometr shag‘al yo‘l, 8 kilometr asfalt yo‘l qurildi.
bugungi kunda shahardagi maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari kabi ijtimoiy ob’ektlarni, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, 45,2 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘ini o‘rnatish, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, aloqa va axborotlashtirish tizimini, jamoat transporti va maishiy chiqindilar bilan ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, yakka tartibdagi va ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash ishlari jadal davom etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, G‘ozg‘on qiyofasini butunlay yangilash sur’ati tobora qizg‘in tus olgan.
[gallery-3421]
Siroj ASLONOV(surat), O‘zA