“Go‘zal Sichuanga xush kelibsiz!”
Poytaxtimizda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasi xalq xorij bilan do‘stlik jamiyati hamkorligida “Go‘zal Sichuanga xush kelibsiz!” nomli ko‘rgazma hamda madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirga qoʻmita rahbariyati va mutaxassislari, Sichuan provinsiyasi delegatsiyasi aʼzolari, mamlakatimizdagi turli vazirlik va idoralarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonov mamlakatimizda jahonning barcha davlatlari, shu jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi bilan oʻzaro doʻstlik, ishonch va samimiyatga asoslangan aloqalar yoʻlga qoʻyilganini va bu munosabatlar muttasil ravnaq topib borayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilayotgan yangi tashabbuslar oʻzaro hamkorligimizda yangi sahifalar ochayotgani eʼtiborga molikdir.
Darhaqiqat, keyingi yillarda Oʻzbekiston – Xitoy doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani maʼrifiy tadbirda alohida eʼtirof etildi.
[gallery-20132]
“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi samarali muloqotlar, shu jumladan, mintaqada muhim infratuzilmaviy loyihalarning amalga oshirilayotgani xalqlarimiz hayotining yanada farovonlashuviga, taraqqiyotga xizmat qilmoqda.
Jamoat tashkilotlari va birlashmalari faoliyati, qardosh xalqlar darajasidagi aloqalar, ijtimoiy siyosiy aksiyalar, xalqaro nohukumat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga doir tashabbuslar xalqlarimizni tobora yaqinlashtirish, doʻstlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Sichuan Xitoyning oʻziga xos madaniyat, ilm-fan, taʼlim, innovatsiyalar markazidir, – dedi Sichuan provinsiyasi xorij bilan doʻstlik xalq jamiyati raisi Lyu Syuanshen. – Bu kabi maʼrifiy tadbirlar Oʻzbekiston xalqining Chin diyori bilan yaqindan va yanada osonroq tanishuvida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoyning markaziy qismi janubida joylashgan Sichuan provinsiyasi mamlakat iqtisodiyoti, sanoatida oʻziga xos oʻrin tutadi. 83 milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan ushbu viloyat sanoat, energetika, temir ӣoʻl va avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, farmatsevtika, innovatsion texnologiyalar kabi sohalarda yetakchilik qilib kelmoqda. Ayni paytda gʻoyat goʻzal va betakror tabiati, qadimiy anʼanalari, urf-odatlari bilan ushbu hudud jahon sayyohlarining mehri va eʼtiborini qozongan.
– Oxirgi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi madaniyat masalalari boʻyicha maslahatchisi Chi Junlin. – Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlarining shiddat bilan kechayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayni paytda ikki mamlakat oʻrtasidagi bunday hamkorlik sayyohlik oqimining keskin ortishida ham muhim omil boʻlmoqda.
Maʼrifiy tadbirda Sichuan viloyatidagi Chendu, Szigun, Myanyan, Duszyanyan kabi qoʻhna shaharlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xitoy opera, tomosha sanʼatidan namunalar, oʻzbek xalq raqs va qoʻshiqlari maʼrifiy tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi. “Goʻzal Sichuanga xush kelibsiz!” nomli maʼrifiy tadbir doʻstlik va hamjihatlik, sanʼat bayramiga aylanib ketdi. Darhaqiqat, mazkur tadbirda qatnashgan har bir hamyurtimizda goʻzal va betakror Sichuan viloyatiga borish, uning maftunkor tabiatidan bahra olish orzusi tugʻilgani aniq. Xitoyning ushbu viloyati delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida Samarqand shahriga sayohat hamda bir qator yoʻnalishlar boʻyicha memorandumlar imzolanishi koʻzda tutilgan.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat),
OʻzA