G‘o‘zadan sifatli mahsulot olish imkoniyatlari kengaymoqda
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida turli tuproq-iqlim sharoitiga mos va tola sifat ko‘rsatkichi bo‘yicha talablarga to‘g‘ri keladigan g‘o‘za navlarini ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga qarashli Xo‘jayli, Oltinko‘l, G‘ijduvon, Samarqand, Uychi, Denov, Chinoz hamda Xiva nav sinash stansiya va uchastkalarda ekilayotgan g‘o‘zaning 20 ta navi ko‘rgazmali usulda sinovdan o‘tkazildi.

G‘o‘zaning ushbu navlari tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, qimmatli xo‘jalik ko‘rsatkichlari, jumladan, ekish, unib chiqish muddati, shonalash, gullash hamda pishish muddatiga hamda hosildorlik ko‘rsatkichlariga ahamiyat berilib, o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida hosildorlik ko‘rsatkichlari 3 ta guruhga bo‘lindi. Bunda 20-25 foiz navlar 35-40 sentner, 45 foiz navlar 40-45 sentner, 30 foiz navlar 50 sentnerdan yuqori hosildorlikka ega bo‘ldi.
Ushbu navlar laboratoriya tahlillari asosida o‘rganiladi va tola sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lganlari hududlarga ekish uchun tavsiya etiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA