G‘o‘za parvarishi muhim pallaga kirdi
Navoiy viloyatida joriy yil 31 ming 655 gektar maydonga chigitning “Buxoro-102”, “Sulton”, “Buxoro-6”, “Buxoro-10” “S-01” navlari ekilgan bo‘lib, unib chiqqan g‘o‘za maydonlariga birinchi ishlov berish, chopiq qilish, saralash va yaganalash, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar amalga oshirilyapti.
Viloyat bo‘yicha 22 ming 599 gektar maydonda g‘o‘zalar 1-2-chinbarg, 9 ming 056 gektar maydonda esa 3-4-chinbarg rivojlanish fazalarida o‘smoqda. Hozirda bir kunda o‘rtacha 3 ming 340 gektar g‘o‘za maydonida birinchi ishlov berish agrotexnik tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonga 683 dona kultivator jalb etilgan.
– Bundan tashqari, yaganalash tadbirlari ham uyushqoqlik bilan olib borilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Mavsum boshidan buyon Xatirchi tumanida 7166 gektar, Qiziltepada 5472, Navbahorda 4864, Karmanada 3652, Konimex tumanida 310 gektar g‘o‘za maydonlarida yaganalash ishlari bajarildi. Shuningdek, mavsum boshidan buyon viloyat bo‘yicha 29404 gektar g‘o‘za maydoni chopiq qilindi.

Mutaxassislaring fikriga ko‘ra, yaganalash tadbiri 3-5 kunga kechiktirib o‘tkazilsa, paxta hosili 2-3 sentnerga kamayadi. 4-5 chinbarg chiqarganda yaganalash tugatilsa, hosildorlik yanada kamayadi. Yana bir jihat, g‘o‘za parvarishida chuqur yumshatish ishlari talab darajasida o‘tkazilishi kerak. Shu maqsadda “Agroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan ayni paytda dalalarda amalga oshirilayotgan agrotxenik tadbirlarning sifatli bajarilishi nazoratga olingan. Shu kunga qadar 7568 gektar maydonda chuqur yumshatish bajarilgan bo‘lsa, bir kunlik ko‘rsatkich 1273 gektarni tashkil etmoqda.
– Agroinspeksiya xodimlari tomonidan hududlarda agrotexnik tadbirlarni kechiktirish holati bilan bog‘liq kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlanmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Burhon To‘ychiyev. – Jumladan, o‘rganishlar davomida chopiq qilish, yaganalash ishlarini sifatsiz bajarish, mineral o‘g‘itlar bilan birinchi oziqlantirish va g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yish kabi holatlar uchramoqda. Nazorat tadbirlarimizda 4 ta holatda shunday kamchiliklar aniqlanib, ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va tegishliligi bo‘yicha tuman sudlariga yuborildi. Bundan tashqari, aniqlangan kamchilikni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi. Inspeksiya xodimlari tomonidan joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA