Go‘sht orasiga yashirilgan qora dori
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Reyd davomida oldindan kuzatuvda bo‘lgan fuqaro boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli transport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada transport vositasining orqa yukxonasida polietilen paketga o‘ralgan go‘sht ichiga yashirib qo‘yilgan jigar rangdagi o‘tkir hidli mumsimon modda borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan ekspertiza tekshiruvlari natijasida mazkur modda 108 gramm og‘irlikdagi “opiy” giyohvandlik vositasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtning Yunusobod va Mirobod tumanlarida ham navbatdagi tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan “Kobalt” rusumli transport vositasi hamda unda harakatlanayotgan shaxslar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada transport vositasi salonidan 1 dona 0,5 litr hajmli baklajka va 1 dona yupqa holatdagi mumsimon modda hamda avtoulov boshqaruvida bo‘lgan fuqaroning yonidan to‘q jigar rangdagi o‘tkir hidli modda borligi aniqlandi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, daliliy ashyo sifatida olingan mazkur moddalar 101,39 gramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositasi hamda baklajkaning ichida faol giyohvand modda – “tetragidrokannabinol” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
***
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida yirik miqdordagi tovarlarning yurtimiz hududiga noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.
Jumladan, bojxona postiga xorijdan qiymati 406 ming dollardan ortiq 3 turdagi tovarlar keltirildi. Tovarlarni ko‘zdan kechirish davomida tovar qadog‘iga qo‘lbola tarzda tovar yorliqlari yopishtirilgani aniqlandi.
Shuningdek, o‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga asosan mazkur tovarlarning tovar kodlari noto‘g‘ri tasniflanishi natijasida 1 milliard 72 million so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Natijada qiymati 9 milliard so‘mni tashkil etuvchi 48 ming 952 quti “o‘simlik asosidagi ganoderma ekstrakti” tovarlari vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
N.Nasriyev, O‘zA