"Google"ga qarshi "urush" ochganlar soni ko‘paydi
Yevropa Ittifoqining 890 million yevrolik jarimasi “Google” uchun yangi huquqiy muammolarga yo‘l ochdi. Endi qator Yevropa kompaniyalari yetkazilgan zarar uchun qo‘shimcha tovon talab qilishga tayyorlanmoqda. Mutaxassislar bu da’volarning umumiy qiymati bir necha milliard yevroga yetishi mumkinligini aytmoqda.
Yevropa Komissiyasi qidiruv tizimida kompaniya o‘z xizmatlariga noqonuniy ustunlik berganini aniqladi. Shuningdek, dastur ishlab chiquvchilarga “Google Play” orqali arzonroq to‘lov usullarini taklif qilishga to‘sqinlik qilingani qayd etildi. Bryussel bunday amaliyot raqobat muhitiga zarar yetkazganini bildirgan bo‘lsa, korporatsiya ayblovlarni rad etib, bu qaror mahsulot sifatiga salbiy ta’sir qilishini ilgari surdi.
So‘nggi yillarda bir nechta kompaniya sud orqali yirik miqdorda tovon undirishga muvaffaq bo‘ldi. Germaniyada “Idealo” 465 million yevro, “Producto GmbH” esa qariyb 107 million yevro kompensatsiya oldi. Italiyaning “Moltiply Group” kompaniyasi qariyb 3 milliard yevro talab qilmoqda. Shvetsiyada esa “PriceRunner” foydasiga 1,7 milliard yevro miqdorida qaror chiqarildi.
Yangi qaror ushbu da’volar uchun qo‘shimcha huquqiy asos yaratishi mumkin. Yevropa Komissiyasi qoidabuzarlik avval o‘ylanganidek qisqa muddat emas, balki keyingi yillarda ham davom etganini qayd etdi. Bu esa kompaniyalarga yanada kattaroq tovon talab qilish imkonini beradi. Tahlilchilar fikricha, yaqin oylarda “Google”ga qarshi yangi sud ishlari soni keskin ortishi ehtimoldan xoli emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA