G‘ofurjon Mirzayev bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi
Guliston shahridagi Yoshlar markazida Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev umumta’lim maktablari bitiruvchi-yoshlari bilan uchrashdi.
Unda hokim o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ish beruvchilar, korxona va klasterlar, mutasaddi idora va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi bugungi kunda olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, yangilanishlar, yoshlarning har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida gapirdi.

Shuningdek, Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bitiruvchilarning ishga ehtiyoji, qiziqishi va ko‘nikmalarini o‘rganish hamda ular bandligini ta’minlashdek muhim vazifa yuzasidan berilgan topshiriqlarga to‘xtalib o‘tildi.

Viloyat rahbari yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surilgan vazifalar, imkoniyatlar hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar xususida gapirar ekan, bitiruvchi yoshlarning balansini tuzib, ularga ta’limni davom ettirish, kasb-hunar o‘rganish va boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan masalalar, taklif, yangi g‘oya va tashabbuslar tinglandi.
Faol yoshlar rag‘batlantirildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA