Global taraqqiyot va yangi imkoniyatlar: inson salohiyatiga tayangan hamkorlik
Tinchlik, ishonch va taraqqiyot. Prezident Shavkat Mirziyoyevning OHICHK sammitidagi nutqi mintaqa kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ma’lumki, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammiti 2026-yil oktabr oyida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha so‘zlagan nutqi bugungi xalqaro munosabatlar tizimida tinchlik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, balki iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ham qaratilgani bilan e’tiborga molik.

Ushbu muhim jarayonlarni yurtimiz keng jamoatchiligi, ayniqsa, iqtisodiyot va siyosat olami vakillari kuzatib borib, o‘z fikrlarini OAVda bayon etishmoqda. Xususan, iqtisodchi olim, Bank-moliya akademiyasi Ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Mashhurbek Jalolovga ayni mavzuda savollar bilan murojaat qildik.
—Prezidentimizning ushbu nutqida qaysi jihatlar ko‘proq e’tiboringizni tortdi?
—Men ushbu nutqda bayon etilgan g‘oyalarni, eng avvalo, iqtisodiy barqarorlik, zamonaviy ta’lim va kelajak kadrlarini tayyorlash nuqtai nazaridan muhim deb hisoblayman. Bugungi jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar biror mamlakatning taraqqiyotini boshqa davlatlar bilan hamkorlikdan ayro holda tasavvur etib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar, savdo aloqalaridagi uzilishlar, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar iqtisodiy o‘sish sur’atlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish barqaror taraqqiyotning muhim shartidir.
Prezidentimiz tomonidan har qanday nizo va kelishmovchiliklarni siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal etish zarurligi qat’iy ta’kidlangani alohida ahamiyatga ega. Zero, tinchlik mavjud bo‘lgan joyda iqtisodiy faollik, investitsiyaviy tashabbuslar va uzoq muddatli rivojlanish rejalari uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Nutqda ilgari surilgan yana bir muhim yo‘nalish — sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan mas’uliyat bilan foydalanish masalasi. Hozirgi davrda raqamlashtirish iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga, jumladan, bank-moliya tizimiga ham chuqur kirib bormoqda. Elektron to‘lovlar, raqamli bank xizmatlari, avtomatlashtirilgan tahlil vositalari va sun’iy intellekt asosidagi yechimlar moliyaviy xizmatlarning tezkorligi hamda qulayligini oshirmoqda. Biroq, texnologiyalarni joriy etishning o‘zi kifoya emas. Ularni to‘g‘ri boshqara oladigan, imkoniyat va xatarlarni xolis baholaydigan, zamonaviy bilimlarni amaliyotda qo‘llaydigan malakali mutaxassislar ham zarur. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining texnologik ishonchni mustahkamlash va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy tashabbusi dolzarb vazifalarga mos keladi.
—Sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha sizning fikringiz qanday?
—Mening fikrimcha, bu jarayonda ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Chunki raqamli iqtisodiyotning rivoji, avvalo, insonning bilim olishga intilishi, yangiliklarni o‘zlashtirishi va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishiga bog‘liq. Bugungi tinglovchi ertangi kunning moliyachisi, bank boshqaruvchisi, iqtisodiy tahlilchisi yoki davlat moliyaviy nazorati mutaxassisi sifatida nafaqat mavjud bilimlarga, balki mustaqil fikrlash va innovatsion yechimlar ishlab chiqish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak.
Shu bois bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash jarayonida nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar, zamonaviy raqamli vositalar va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish muhim. Ta’limning sifati bitiruvchining real iqtisodiy muammolarga yechim topa olishi, jamoada ishlashi va tez o‘zgarayotgan mehnat bozori talablariga moslasha bilishi bilan ham belgilanadi.
Prezidentimiz nutqida inson salohiyatini rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda sifatli ta’limdan foydalanishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, inson kapitaliga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning eng muhim manbalaridan biridir. Bilimli va tashabbuskor yoshlar yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi kuch bo‘la oladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining iqlim o‘zgarishlariga moslashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘yicha takliflari iqtisodiyotning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun moliyaviy resurslarni taqsimlashda nafaqat qisqa muddatli daromad, balki uzoq muddatli iqtisodiy va ekologik samaradorlikni ham hisobga olish zarur. «Yashil» moliyalashtirish, energiya tejamkor texnologiyalar va ekologik loyihalarga sarmoya kiritish mexanizmlarini takomillashtirish - kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizning ham bir ko‘rinishidir.
Nutqning yana bir e’tiborli jihati — xalqaro hamkorlikni aniq amaliy natijalar bilan mustahkamlash zarurligi haqidagi fikrlar. Har qanday tashabbusning samarasi uning hayotga tatbiq etilishi, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shgan hissasi bilan baholanadi. Shuning uchun davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, moliyaviy texnologiyalar va mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarida ham kengaytirish maqsadga muvofiq.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur nutqi zamonaviy taraqqiyotning o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini — tinchlik, ishonch, texnologik yangilanish va inson kapitalini rivojlantirishni bir butun jarayon sifatida ko‘rib chiqishi bilan ahamiyatli.
Pedagog sifatida ishonchim komilki, kelajak taraqqiyoti bilimli, mas’uliyatli va zamon talablariga mos mutaxassislarni tarbiyalashdan boshlanadi. Shuning uchun ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xalqaro tajribani o‘rganishga keng yo‘l ochish umumiy maqsadimiz bo‘lishi kerak. Zero, tinchlik va ishonchga tayangan hamkorlik, bilim va innovatsiya bilan boyitilgan taraqqiyotgina kelajak avlodlar uchun barqaror va farovon hayotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA