Global ta’lim va umuminsoniy qadriyatlar
Ta’lim millatning intellektual salohiyati va ma’naviy qiyofasini belgilovchi muhim maydon vazifasini o‘taydi. Prezidentimizning sohaga oid tegishli farmon va qarorlari mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilishning yangi bosqichini boshlab bermoqda.
Shu maqsadda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Global ta’lim va umuminsoniy qadriyatlar: muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bugungi kunda ta’lim tizimida kuzatilayotgan dolzarb muammolarni o‘rtaga tashladi.
Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va respublikamiz oliy ta’lim tashkilotlari, akademik boshqaruv organlaridan 100 dan ortiq tajribali olimlar va yoshlar ishtiroki masalaning nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
[gallery-29093]
Ilmiy-amaliy anjuman tahlili natijalariga ko‘ra, ta’limda raqobatbardoshlikka erishish uchun faqat texnologik ustunlikning o‘zi yetarli emas. Anjuman ishtirokchilari tomonidan ta’lim jarayonlariga xalqaro standartlarni joriy etishda milliy mentalitet va qadriyatlarni saqlab qolishning ilmiy asoslangan modellarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu xalqaro anjuman doirasida ishlab chiqilgan tavsiyalar va chop etilgan ilmiy maqolalar to‘plami O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini jahon darajasiga olib chiqishda, yoshlarni vatanparvar va yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida kamol toptirishda muhim dasturilamal bo‘ladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
Asliddin Alijonov (surat)
O‘zA