GIZ bilan aloqa yo‘lga qo‘yiladi
Markaziy Osiyo xalqaro institutida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning idorasi Toshkentda joylashgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston byicha vakolatxonasi direktori Yoaxim Frits bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat boshida GIZ vakili MOXI mintaqadagi o‘ziga xos ilmiy-tadqiqot markazi sifatida tashkil etilgani, maqsadli tadqiqot olib borish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, birlashgan va o‘zini o‘zi boshqarish tizimini shakllantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishga mo‘ljallanganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan MOXI va GIZ faoliyatida institutlar aro amaliy hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumiy jihatlar, maqsadlar mavjudligi qayd etildi.
Mazkur nufuzli xorijiy tuzilmaning mintaqadagi faoliyati hamkorlikning o‘tgan yil sentyabr oyida Berlinda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo+Germaniya” formatidagi oliy darajali sammit yakuniy deklaratsiyasida belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakili ma’lumot berishicha, Markaziy Osiyoda to‘siqsiz savdo muhitini yaratish, zo‘ravon ekstremizmning oldini olish orqali qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson resursi samaradorligini kuchaytirish, transchegaraviy muloqotni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan 13 loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, turli yo‘nalishlarda maxsus kurs va treninglar tashkil etish orqali mintaqa mamlakatlarida kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish ham ko‘zda tutilgan.
Dubayda bo‘lib o‘tgan BMT iqlim konferensiyasida GIZ tashkilotning Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish va taqdim etishdagi ko‘magi alohida ta’kidlangan.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy aloqani rivojlantirish, jumladan joriy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha mintaqaviy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
G‘.Xonnazarov, O‘zA