Gimnastikachi qizlar bellashdi
Andijonda “Hokim olimpiadasi” doirasida badiiy gimnastika musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda badiiy gimnastikani rivojlantirish va ommalashtirish, yoshlarni sportga keng jalb etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu maqsadda Andijon viloyati sport boshqarmasi, Badiiy gimnastika federatsiyasi hamda Ulug‘nor tumani hokimligi hamkorligida Ulug‘nor tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida navbatdagi musobaqa tashkil etildi.

Bellashuvlarda 13-14 yosh toifasidagi yosh gimnastikachi qizlar yakkalik va jamoaviy dasturlar bo‘yicha mahorat sinovidan o‘tib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Musobaqa iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.
Qiziqarli bahslar asosida o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Andijon shahri vakillari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘ringa Ulug‘nor, uchinchi o‘ringa Izboskan tumanlari yosh gimnastikachilari sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, tegishli medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari