Gidroponikada ozuqa yetishtirish: chorvachilikda muhim va tejamkor
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida nafaqat sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, balki tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– So‘nggi 3-4 yil ichida shahrimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan birga ishlab chiqarish jarayonida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Umid Xudoyqulov. – Amalga oshirilgan yirik loyihalar natijasida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, fuqarolarning xarid qilish qobiliyati yanada oshdi, qurilish, sanoat, kichik biznes va boshqa bir qator sohalar esa yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ana shunday rivojlanish yo‘lidan dadil odimlayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biri “Nurli diyor parranda” MCHJdir. Mazkur korxona tomonidan “Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish”, “Naslli qoramolchilikni tashkil etish” va “Parrandachilik kompleksini rivojlantirish” loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, korxona tasarrufida issiqxona tashkil etilgan.
Korxonada yirik shoxli qoramollarga gidroponika usulida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirda 400 ga yaqin naslli qoramollar boqilib, sut va go‘sht mahsulotlari yetishtirilmoqda. Shuningdek, MCHJda 60 ming dona parranda boqish kompleksi mavjud bo‘lib, bugungi kunda 40 ming dona parranda parvarishlanayapti.
– Korxonamiz tomonidan shahar aholisiga har oyda 30 tonna sut mahsuloti, 5 tonna mol go‘shti, 40 tonna tovuq go‘shti, 100 ming donadan ortiq tuxum yetkazib berilmoqda, – deydi MCHJ rahbari Doston Bobomurodov. – Korxona tomonidan tashkil etilgan issiqxonada esa joriy yilda 2 tonna limon hamda 60 tonna pomidor va bodring mahsulotlari yetishtirilib shahar aholisiga yetkazib berish rejalashtirilgan.

“Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish” loyihasi doirasida 180 metr kvadrat maydonda don mahsuloti ko‘kartirilib, maysa bo‘lgach, qoramollarga ozuqa sifatida beriladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ozuqa sigirlardan olinadigan sut miqdorini 30 foizgacha oshiradi.
– Loyihamiz doirasida yiliga 1 ming 800 tonna mahsulot, ya’ni 1 kilo dondan 4,5-8 kilogrammgacha ko‘k ozuqa yetishtiriladi, – deydi tadbirkor. – Mazkur mo‘’jazgina yer maydonini egallagan loyiha natijasida 250 gektar maydonda yetishtirish mumkin bo‘lgan hosilni olish mumkin.
Shaharda shu va boshqa korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi o‘laroq shahar aholisiga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA