Germaniyaga tashrif samarali boʻldi
Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz uchrashuvlarini 25-fevral kuni Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbruner bilan muloqotdan boshladi.
Joriy yilning 24-26-fevral kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining oʻrinbosari U.Abidxoʻjayev va Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markazi rahbari B.Mustafoyevdan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan boʻlib, Berlin shahrida qator tadbirlarda ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz uchrashuvlarini 25-fevral kuni Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbruner bilan muloqotdan boshladi.
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi – nemis korxonalari uyushmalarini birlashtiruvchi muassasa hisoblanadi. Qoʻmita 1952-yildan buyon Rossiya, Belarus, Ukraina, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Janubiy-Sharqiy Yevropa bozorlarida nemis kompaniyalari manfaatlarini himoya qilib keladi. Ushbu tashkilot Germaniyaning iqtisodiyot va siyosat sektorlari oʻrtasida vositachi vazifasini bajaradi. Sharqiy qoʻmita Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan boʻlib, davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi rasmiy muloqotni muvofiqlashtirib boradi hamda ushbu mintaqalar uchun eng dolzarb maʼlumotlar toʻplamini ishlab chiqadi.
Uchrashuv avvalida janob Kinsbrunerga Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qatʼiy yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish va himoya qilishga qaratilgan salmoqli saʼy-harakatlar haqida maʼlumot berildi.
Ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2018-yilda 772 million AQSH dollaridan ortgan boʻlib, bu 2017-yildagi 619,9 million dollarga nisbatan 24,5 foiz koʻp, demakdir. Oʻtgan 2019-yilda esa, bu koʻrsatkich 980,1 million dollarga yetdi va 2018-yilga nisbatan 27 foiz oʻsishga erishildi.
Delegatsiya aʼzolari Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazida (ZOiS) shu “Yangi Oʻzbekiston sari yoʻl” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida oʻz ishlarini davom ettirishdi.
Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi Germaniya Bundestagi qarori bilan tashkil etilgan. Markaz mustaqil xalqaro va fanlararo ilmiy-tadqiqot instituti boʻlib,Davra Sharqiy Yevropada ijtimoiy ahamiyatga ega tadqiqotlar bilan shugʻullanadi va faoliyat natijalari OAV orqali keng targʻib qilib boriladi. ZoiS Fond kengashi olimlar va siyosatchilardan iborat. Bundan tashqari, xalqaro ilmiy kengash turli masalalar yuzasidan Markaz rahbariyatiga maslahat berib boradi.
Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakov “Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar samarasi va 2020-yildagi rejalar” mavzusida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asosiy yoʻnalishlari, erishilgan yutuq va marralar haqida taqdimot oʻtkazdi.
– Germaniya dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida boʻlib, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilgʻor texnologik ishlanmalarga ega davlat hisoblanadi, – dedi jumladan Eldor Tulyakov.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushma (BWA) boshqaruvi raisi Mixael Shumann hamda Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fond vakillari bilan ham alohida muzokaralar oʻtkazishdi. Muloqotlar davomida Oʻzbekistonda roʻy berayotgan iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga doir keng koʻlamli masalalar yuzasidan amaliy fikrlar almashildi.
Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushma (BWA) mintaqaviy uyushmalar va iqtisodiy klublarga boʻlinadi. Klublarga ayni shu hudud vakillari rahbarlik qilishadi. Iqtisodiy klublar boshqaruvi uyushma maqsadlarini amalga oshirish uchun masʼuldir.
Uyushma Jon Kennedining ushbu mashhur iborasini oʻziga shior qilib olgan: “Sizning mamlakatingiz siz uchun nima qila olishini soʻramang. Yaxshisi, mamlakatingiz uchun siz nima qila olishingizni soʻrang”.
F.Eberta nomidagi fond esa, Germaniyadagi yirik siyosiy jamgʻarmalardan biridir. U Germaniyaning amaldagi koalitsion hukumati tarkibiga kiruvchi Germaniya sotsial-demokratik partiyasiga yaqin hisoblanadi. Fond 1925-yil 2-martda Veymar Respublikasining birinchi prezidenti va sotsial-demokratik harakat rahbari F.Ebert sharafiga tashkil etilgan. U asosan iqtidorli bolalarni oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishni ragʻbatlantirish bilan shugʻullanadi. Hozirgi vaqtda fond GFR hududida, shuningdek uning tashqarisida ham nufuzli ijtimoiy-siyosiy tashkilot maqomiga ega. U davlat tomonidan moliyalashtirilsa-da, huquqiy jihatdan jamoatchilik tashkiloti sifatida faoliyat koʻrsatadi va uning bu maqomi Germaniya tashqi siyosatida muhim rol oʻynaydi. Jamgʻarma 100 dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qiladi va uning vakolatxonalari 80 ga yaqin davlatda ish olib bormoqda.
Konrad Adenauer nomidagi fond Xristian-demokratik ittifoq tomonidan tashkil etilgan va Germaniyaning eng yirik siyosiy fondi hisoblanadi. Fond 1956-yilda urushdan keyingi birinchi Germaniya kansleri K.Adenauer tashabbusi bilan tashkil etilgan va 1964-yildan uning nomi bilan atalib kelmoqda. Fond boshqaruvi raisi – sobiq Bundestag prezidenti N.Lammert hisoblanadi.
Boshqaruv tarkibida Germaniya kansleri A.Merkel ham bor. Hozigi kunda fond 200 dan ortiq loyihani hayotga tatbiq etib kelayotgan 120 ta davlatda oʻz vakolatxonalariga ega. Faoliyatining asosiy yoʻnalishlari –davlatga fuqarolarning siyosiy bilimini oshirishda koʻmaklashish, tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish va konsultatsiya vositasida siyosiy prinsiplarni ishlab chiqish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida uchrashuvlarni tashkil etish, rivojlanayotgan davlatlar yoshlarining tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash, madaniyat va sanʼatni ravnaqi yoʻlida koʻmaklashishdan iborat. Fond Oʻzbekistonda 1993-yil Sankt-Augustinada (GFR) imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va K.Adenauer nomidagi fond rahbariyati oʻrtasida umumiy kelishuv” asosida 1994-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda.
GERMANIYALIK MUTAXASSISLARNI NIMA QIZIQTIRDI?
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 26-fevral kuni Germaniyaning fan va siyosat jamgʻarmasi – xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti rahbari, professor Folker Pertes bilan uchrashdilar.
Germaniyaning fan va siyosat jamgʻarmasi – xalqaro siyosat va xavfsizlik instituti (SWP) salkam 60 yillik faoliyati davomida xalqaro siyosat va xavfsizlik muammolarini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazib kelmoqda. Ushbu markaz 1965-yillardayoq hukumat, GFR Tashqi ishlar vazirligi hamda Germaniya Bundestagining eng ishonchli va asosiy tahlil markazlaridan biriga aylangan. Shu bois markazga GFR hukumatining maxfiy va konfidensial xarakterdagi hujjat va axborotlarini olish huquqi berilgan.
Mazkur uchrashuvda institut vakillari 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi qanday oʻtgani, bunda fuqarolar ishtirokining faolligi, ulardan qanday taklif-mulohazalar kelib tushgani, bu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining oʻrni va roli haqida maʼlumotlar olishga qiziqish bildirishdi.
Delegatsiya aʼzolarining Germaniya Federeativ Respublikasiga tashrifi 26-fevral kuni Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasida tashkil etilgan davra suhbati bilan yakunlandi. “Forum Neue Seidenstrasse e.V.” (FNS) hamda “Go East Generationen e.V.” (GEG) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati