Germaniyada XDI partiyasining yangi raisi saylandi
Germaniya Federativ Respublikasidagi konservativ qarashni yoqlovchi Xristian-demokratlar ittifoqi yetakchiligiga Fridrix Mers saylandi. «RIA Novosti» xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan onlayn-s’ezdda uning nomzodini qo‘llab-quvvatlab 95 foiz a’zo qo‘l ko‘targan. Ovoz berish jarayoni «Phoenix” telekanalining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efiri orqali namoyish qilindi.
O‘zining saylov oldi nutqida Mers GFRning amaldagi kansleri, sotsial-demokrat Olaf Sholsga qarshi keskin axborot xujumi uyushtirdi. Jumladan, raqobatchisini Yevropada yuzaga kelayotgan inqiroz asnosida qit’a xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalda hech qanday harakat qilmayotganlikda aybladi. Mers hukumat rahbari hanuz Moskvaga ham, Vashingtonga ham tashrif uyushtirmaganini iddao qilgan. Siyosatchining ta’kidlashicha, vaholanki, bundan avvalgi rahbarlar — o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab hokimiyat tepasiga kelgan yetakchilar darhol xalqaro ahvolni muvofiqlashtirishga faol kirishgan, turli tashabbuslarni ilgari surgan va xorijiy sheriklar bilan muloqot olib borgan.
Mers 2018 yil Angela Merkel 18 yillik faoliyatidan so‘ng partiya yetakchiligini topshirgandan keyingi davrda XDIning uchinchi raisi sifatida lavozimga o‘tirdi. Siyosatchi avval ham ikki bor partiya rahbarligini egallashga urinib, kurashni 2018 yil dekabrida Annegret Kramp-Karrenbaueriga, o‘tgan yil yanvar oyida Armin Lashetga boy berdi.
2021 yil dekabrda esa Mersning nomzodi partiya raisligiga XDI tarixida ilk bor joriy qilingan a’zolar o‘rtasida so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan ovoz berish natijasiga ko‘ra tasdiqlandi va u Lashetning o‘rnini egalladi. Darvoqe, 2021 yil bo‘lib o‘tgan Germaniya bundestagiga saylovda nemis konservatorlari aynan Lashet boshchiligida oxirgi 16 yil mobaynida birinchi bor mag‘lubiyatga uchradi.
Ta’kidlash joiz, XDI yangi rahbarining Merkel bilan munosabati havas qilarli emas. Mahalliy OAV xabariga qaraganda, Angela xonim Mersning kechki ovqatga taklifini rad etgan. Xuddi shunday uchrashuvni avvalgi kanslerning tarafdori, XDI partiyasi sobiq raisi Annegret Kramp-Karrenbauer ham xohlamadi. DPA agentligi axborotidan esa Merkelning partiya faxriy raisi lavozimini egallashi g‘oyasi bo‘yicha bildirilgan taklif ham qaytarilgan.
XDIning parlamentdagi fraksiyasi sobiq rahbari, siyosiy faoliyatni vaqtincha tark etishiga oldingi kansler bilan o‘zaro kelishmovchiligi sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Mers ma’lum muddat biznes bilan faol shug‘ullandi, GFRning qator yirik kompaniyalari, konsernlarida o‘ziga xos ta’sir kuchiga ega lavozimlarda ishladi. 2018 yilda u yana siyosiy maydonga qaytdi.
Internet materiallari asosida
G‘ayrat XONNAZAROV tayyorladi.