Germaniyada tahsil olayotgan o‘zbek qizi
Farg‘ona viloyati yoshlari ham AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlardagi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Farg‘ona viloyati yoshlari ham AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlardagi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
2017 yil, 2 iyun kuni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan farg‘onalik Shohruxsora Toshmuhammedova nemis tilini xalqaro talablar darajasida o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi diplom bilan taqdirlandi.
Quvonch kelsa, qo‘shaloq keladi deganlaridek, shu kuni respublika fan olimpiadasida nemis tili fanidan kuchli uchlikdan o‘rin olgan Shohruxsora g‘oliblik diplomi hamda oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz kirish imtiyozi bilan Farg‘onaga qaytdi.
Germaniyadagi nufuzli universitetda tahsil olish istagini ro‘yobga chiqarish uchun 14 yoshidan Farg‘ona shahridagi 10-umumta’lim maktabida ustozi Nigoraxon Yadgarova ko‘magida bilimini mustahkamlab borgan izlanuvchan o‘quvchi Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litseyda ham a’lo baholarda o‘qidi.
Iqboloy Cho‘lponova, Yusuf Abdurazzoqov, Zuhra Akramxonova kabi tajribali ustozlardan saboq oldi. U nemis tilining chinakam jozibasini germaniyalik ustozlari Karl-Peter-Herbst, Simona Xelmshrot, Ingrid Landeslarning ta’limi orqali yanada teran angladi.

Shu tariqa Germaniyaning Frankfurt shahridagi Yevropa Viadrina universitetiga qabul bo‘yicha e’lon qilingan xalqaro tanlov Shohruxsoraning yuksak orzulariga muvofiq keldi. Shohruxsora minglab nomzodlar orasida bir necha bosqichda o‘tkazilgan sinovlarda bilimini namoyon etib, Yevropa Viadriana universitetining xalqaro iqtisodiyot adminstratsiyasi yo‘nalishiga grant asosida qabul qilingan 16 nafar jahon yoshlarining biriga aylandi.
– Germaniyada vatandosh do‘stlarim, o‘zbekistonlik talabalar bilan birga milliy bayramlarimizni nishonlaymiz, universitet bo‘ylab “O‘zbekiston kunlari”ini e’lon qilib, davlatimiz ramzlari aks etgan bayroqchalar, milliy libos va taomlarimizdan ulashamiz, – deydi Shohruxsora Toshmuhammedova.
Yaqinda Shohruxsora “Viadrina Botshavtler” loyihasida g‘olib bo‘ldi. U endilikda o‘zi tahsil olayotgan xalqaro oliy o‘quv yurti – Yevropa Viadrina universitetini respublikamizdagi targ‘ibotchisi hamdir.
Bugun ona Vatanning dunyoga bo‘ylayotgan bu kabi dilbandlari bilan har qancha faxrlansak arziydi.