Germaniyada mingdan ortiq shifokor Ukrainaga borish niyatida
Germaniyadan 1100 dan ortiq shifokorlar kasal hamda yaradorlarga yordam berish uchun Ukraina va qo‘shni davlatlarga borish uchun federal tibbiyot assotsiatsiyasining onlayn portalida ro‘yxatdan o‘tdi.
Bu haqda assotsiatsiya prezidenti Klaus Reynxard “Redaktionsnetzwerk Deutschland” tahririyatiga ma’lum qildi, – deya xabar bermoqda “Armenpress”.
– Raqamlar shifokorlarning Ukraina xalqi bilan birdamligini ko‘rsatib turibdi, – dedi Klaus Reynxard. – Shu bilan birga, Germaniya federal tibbiyot assotsiatsiyasi ayni paytda tashqi ishlar, sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Ukraina va qo‘shni davlat elchixonalari bilan shifokorlarni joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Assotsiatsiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlardan hozircha so‘rovlar kelib tushmagan.
– Biroq, biz tayyormiz, – deydi Reynxardt. – Hukumat xalqaro gumanitar missiya zarurligini e’lon qilishi bilanoq, biz yetarli miqdordagi shifokorlarni topa olamiz.