Germaniyada iroqlik sobiq imom o‘n yarim yilga qamaldi
Bugun Selle shahridagi Germaniya sudi "Abu Valaa" nomi bilan tanilgan sobiq imomni terrorchilik tashkiloti a’zosi, deya ayblab, o‘n yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Euronews” xabar bergan.
Haqiqiy ismi Ahmad Abdulaziz Abdulla bo‘lgan, Germaniyada radikal kayfiyatdagi yoshlar guruhini boshqargani uchun jazoga hukm qilingan bu shaxs, jumladan, ISHID terrorchilik guruhining "Germaniyadagi vakili" sifatida ham qoralanmoqda.
Sud xulosasiga ko‘ra, 37 yoshli Iroq fuqarosi 2017 yilda boshlangan tergov natijasida terroristik tashkilotga a’zolik, qo‘poruvchilikni moliyalashtirish va zo‘ravonlik harakatlariga ko‘maklashishda aybdor, deb topildi.
Bundan tashqari, jinoyatchining uch nafar sudlanuvchi sherigi ham bo‘lgani ochiqlandi, ularga to‘rt yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosi belgilandi.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, guruhda kamida yana sakkiz kishi, jumladan 2015 yil Iroqda xudkushlik hujumi uyushtirgan egizak aka-uka ham bor edi. Ular vaqtida jamoani tark etishni ma’qul topishgan.
Darvoqe, sobiq imom yollagan odamlardan ikki nafari amalga oshirgan qo‘poruvchilik oqibatida 150 dan ziyod iroqlik askar vafot etgani taxmin qilinmoqda.
Abu Valaa laqabi bilan tanilgan asosiy gumondor 2001 yil Germaniyaga boshpana so‘rab kelgan va uzoq muddatli tergovdan so‘ng 2016 yil noyabrda hibsga olingan. U sudda gapirmaslikka qaror qilgan, hech bir ayblovni rad etmagan holda hukmni kutgan.