Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashdi.
Unda Germaniya Federativ Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin sheriklik munosabatlari va shu asosda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi. Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges raisi Prezidentimiz rahbarligida bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va shu kabi muhim yo‘nalishlarga to‘xtaldi.

Shu bilan birga, Germaniya davlati ishtirokidagi loyihalar asosida iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish, ekologiya, tibbiyot, professional ta’lim yo‘nalishida Qoraqalpog‘istonda ham bir qator ishlar amalga oshirilganligi alohida ta’kidlanib, hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri