Germaniya Ukrainada harbiy o‘quv markazini moliyalashtiradi
Germaniya Ukrainada harbiy xizmatchilarni qayta tayyorlash uchun mamlakat hududida o‘quv markazlari tashkil etishga 10 million yevro ajratadi. Bu haqda GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tegishli mablag‘ Yevropa Ittifoqi tashabbusi doirasida Ukrainada to‘laqonli harbiy ta’lim infratuzilmasini yaratishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida o‘quv binolari va zarur texnik baza shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Kiyev armiyasi jangovar tayyorgarligini yuqori darajada saqlashga xizmat qilishi ham ta’kidlangan mazkur tizim ehtimoliy tinchlik kelishuvidan keyin ham mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim deb baholanmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha qariyb 27 000 ukrainalik harbiy Germaniya hududida tayyorgarlikdan o‘tgan.
D.Hakimov, O‘zA