Geografik nomlar nega lingvistik me’yorlar asosida o‘zgartirilmoqda? – Mutaxassis javob berdi
O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, geografik ob’ektlarning nomlarini tartibga solish hamda ularni davlat tili qoida va me’yorlariga to‘liq muvofiqlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar suv ob’ektlarini yagona tizim asosida hisobga olish va ularning rasmiy nomlanishini standartlashtirishga xizmat qilmoqda.
Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
–Ma’lumki, geografik nomlarning lingvistik me’yorlar asosida o‘zgartirilishiga asosiy sabab davlat tili qoidalarining amalda to‘liq va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashdir. Shu bilan birga, turli manbalarda har xil shaklda yozib kelingan nomlarni birxillashtirish, ularni rasmiy hujjatlar, xaritalar va davlat bazalarida yagona ko‘rinishga keltirish zarurati ham bu jarayonning muhim omillaridan hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-noyabrdagi “Suv xo‘jaligi sohasidagi ayrim geografik ob’ektlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, mamlakatimiz hududidagi daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlarining nomlari qayta ko‘rib chiqilib, davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirildi.
Qaror doirasida jami 130 ta suv ob’ektining nomlari normativ talablarga mos holatga keltirildi. Shuningdek, ayrim geografik ob’ektlarga yangi nomlar ham berildi. Jumladan, Uychi tumanidagi “Sassiqsoy” sel suv ombori “Sho‘rsuv”, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Gaiston” sel suv ombori “Yangiqo‘rg‘on”, Kitob tumanidagi Jinnidaryo “Zo‘g‘atasoy”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Janubiy Surxon” suv ombori esa “Surxon” deb qayta nomlandi.
Shu o‘rinda “Geografik nomlar nega lingvistik me’yorlar asosida o‘zgartirilmoqda?” degan savolga javob sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, bu jarayon nafaqat til qoidalarini birxillashtirish, balki tarixiy-geografik haqiqatni to‘g‘ri aks ettirish, mahalliy aholi tomonidan qo‘llaniladigan an’anaviy nomlarni inobatga olish va davlat tilining nufuzini mustahkamlashga qaratilgan. Ya’ni, nomlarni o‘zgartirish emas, balki ularni aniq, to‘g‘ri va rasmiy shaklga keltirish maqsad qilingan.
Mazkur jarayonda nomlarning faqat lingvistik jihatdan to‘g‘ri shakllantirilishi emas, balki tarixiy-geografik xususiyatlar, mahalliy aholi an’analari hamda hududiy o‘ziga xosliklar ham inobatga olindi. Bu esa qarorning ijtimoiy qabul qilinishi va amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda amaldagi hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan daryolar, soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlarida o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi qariyb ikki mingta suv ob’ektlari xatlovdan o‘tkazilib, ularning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda davlat reyestriga kiritilishini ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, suv ob’ektlarining yagona reyestrining shakllantirilishi nafaqat boshqaruv jarayonlarini soddalashtiradi, balki geografik ma’lumotlarning aniqligi va shaffofligini ham oshiradi. Shu bilan birga, bu tizim kelgusida raqamlashtirilgan davlat boshqaruvi uchun muhim axborot bazasi vazifasini ham bajaradi.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish, geografik nomlarning standartlashuvi va davlat tili nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam, deyish mumkin.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.