Gender tenglik – munosabatlarning ijtimoiy jihati
Jamiyat hayotining qay darajada kechishi, rivojlanish sari qoʻyilayotgan qadamlar, qolaversa, istalgan harakatdan kutiladigan natijalar albatta koʻp jihatdan ijtimoiy munosabatlar bilan bevosita bogʻliq. Aynan shu munosabatlar hayotimizning barcha jabhalari – mehnat faoliyati, oila, mahalla, oʻqish, muloqot va boshqa turli jarayonlarni boshqarib keladi.
Jamiyat hayotining qay darajada kechishi, rivojlanish sari qoʻyilayotgan qadamlar, qolaversa, istalgan harakatdan kutiladigan natijalar albatta koʻp jihatdan ijtimoiy munosabatlar bilan bevosita bogʻliq. Aynan shu munosabatlar hayotimizning barcha jabhalari – mehnat faoliyati, oila, mahalla, oʻqish, muloqot va boshqa turli jarayonlarni boshqarib keladi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqlilik masalasi ham mazkur jarayonlarda munosabatlarni qonunan tartibga solinishi bilan ahamiyatli.
Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar masalalariga, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, maishiy hayotdagi muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini koʻrsatish uchun qulay sharoit yaratilmoqda. Oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishda tub burilish yasadi. Mazkur qarorda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish yuzasidan yangi qonunlar ishlab chiqilishi muhim vazifa sifatida belgilangan edi. Belgilangan qonunlarning ishlab chiqilib, muhokama etilib, maʼqullangani qaror ijrosining taʼminlanganini koʻrsatadi.
Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida maʼqullangan hamda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash, sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Bundan tashqari, u koʻplab masalalarga oydinlik kiritish, faoliyatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda faol isteʼmolda boʻlgan gender soʻzining tushunilishi va qoʻllanish holatlaridagi notoʻgʻri talqin va tasavvurlar mavjudligini aytish joiz. Xususan, genderni ayollar mavzusi yoki ularning ustunligiga oid tushuncha deb qarash kuzatiladi. Albatta, bu toʻgʻri emas. Gender – bu xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti hamda faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim, ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihati ekanligi mazkur qonunda aniq yozib qoʻyilgan. Bu masalaga oid tushunchalarga berilgan tegishli izohlarning mavjudligi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi.
Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, demokratizm, jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmaslik, ochiqlik, shaffoflik belgilab berilgan.
Endilikda bu yoʻnalishda normativ-huquqiy bazani shakllantirish, takomillashtirish hamda rivojlantirish muhim boʻlib, bu doirada davlat dasturlari, milliy harakatlar rejalari va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish eng muhim vazifalar hisoblanadi. Chunki ushbu hujjatlarni yaratish, aniq ijro mexanizmlarini ishlab chiqish orqali xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar boʻyicha huquqiy madaniyatni shakllantirish, jamiyat, davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirokini taʼminlash, masʼuliyatli onalik va otalikni shakllantirish kabi yoʻnalishlarda faoliyat tashkil etiladi.
Qonunning qabul qilinishi davlat boshqaruvida ayollarning erkaklar bilan teng sharoitda ishtirok etishini, ayniqsa, rahbarlik lavozimlarida ham ishlashi mumkinligi kafolatlaydi. Shuningdek, qonunda hokimiyat vakillik organlariga saylovlarda ham siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatligiga nomzodlar koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi taʼminlanishi belgilab qoʻyildi.
Jamiyatda ayollarning kamsitilishiga yoʻl qoʻyadigan, asossiz tengsizlik natijasida hayotida qiyinchiliklar kelib chiqayotgan oilalarning ham borligi achinarli hol, albatta. Taʼkidlash joizki, oilaviy munosabatlarda, ayniqsa, bolalar tarbiyasida ona ham, ota ham birdek masʼuldir. Qonunda bu borada ham erkaklar va ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari aniqlab berilgan boʻlib, ularning teng majburiyatlarga ega ekanligi yozib qoʻyilgan. Bu borada ayollar va erkaklar nikohining ixtiyoriyligi, majburiy va erta nikohlarga yoʻl qoʻyilmasligi, er-xotinlarning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari tengligi kabilar shular jumlasidandir.
Bola tugʻilishi munosabati bilan haq toʻlanadigan taʼtil olishda ota ham, ona ham teng huquqqa ega. Bolaga qarash boʻyicha taʼtilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga koʻra ular oʻrtasida taqsimlanishi, bunda ota-ona taʼtildan qismlarga boʻlgan holda foydalanishlari mumkinligi ham aynan gender tenglikning ifodasidir.
Qonun taʼlim, ilm-fan, madaniyat hamda sogʻliqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ham aks ettirgan. Taʼkidlash joizki, ushbu sohalarda mamlakatimizda ayollar faol mehnat faoliyatni olib boradilar. Taʼlimning barcha bosqichlarida, ilmiy-tadqiqot, tibbiyot sohalarida mehnat qilayotgan ayollar koʻpchilikni tashkil etishi maʼlum.
Endilikda turli taʼlim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning gender xabardorligini oshirishga koʻmaklashish, jinslardan birining ustunligi gʻoyasiga asoslangan notoʻgʻri tasavvurlardan xoli oʻquv adabiyotlarini tayyorlash va chop etish, gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan axborot-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish kabi faoliyat yoʻnalishlarida koʻplab ishlarni amalga oshirish zarur boʻladi.
Oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlari va malaka oshirish kurslarida gender tenglik masalalariga oid kurslarning ishlab chiqilishi va amalga kiritilishi yoshlarimizni mazkur qonunda koʻzda tutilgan masalalarni toʻgʻri talqin qilish, hayotda oʻzaro hurmat asosida faoliyat yuritishga oʻrgatadi.
Gender tenglik jamiyat rivojida muhim boʻlgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bugungi kunda yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Gulchehra RIXSIYEVA
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlis Senati aʼzosi.