Gender tenglik: boshqaruvda ayollarning o‘rni
Jizzax viloyati hokimligida viloyatdagi rahbar ayollar ishtirokida “Xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i, Senator Nazira Muhtorova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024 yil 10 fevraldagi qaror ilovasi bilan tasdiqlangan 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasini 2024 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi borasida so‘z yuritdi.

Oliy Majlis Senatining ushbu dastur doirasida qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbirda Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limni ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olinganiga asosiy e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ushbu dasturning 26-bandiga ko‘ra, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tomonidan aholini, ayniqsa, xotin-qizlarni tashvishga solayotgan muammolarni bevosita hududga chiqib hal qilish amaliyotini kengaytirish, bu borada alohida reja ishlab chiqish hamda joylarda muammolarni o‘rganish va tegishli choralar ko‘rilishini ta’minlash borasidagi vazifalarga alohida urg‘u berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri