Gʻazo shimolidagi shifoxonalar ishlamayapti
Gʻazo shimolida barcha shifoxonalar ishdan chiqqan. Sogʻliqni saqlash tizimi qamaldagi Indoneziya kasalxonasida qolganlarni evakuatsiya qilish masalasini BMT bilan muvofiqlashtirmoqda. Bu haqda tashkilot masʼul vakili Ashraf Al-Qudra “Anadolu”ga maʼlum qilgan.
Mazkur shifoxonada 2600 kishi, jumladan 200 tibbiyot xodimi, 400 yarador va ularning hamrohlari, shuningdek uyini tashlab chiqqan 2000 falastinlik bor.
Al-Qudra eslatishicha, Xalqaro Qizil Xoch jamiyati bilan kelishilgan holda, 100 dan ziyod yarador Gʻazo janubiga yetkazilgan, Isroil kuchlari mintaqadagi yagona dializ markazi – Nura al-Kaʼbi tibbiyot markazini ham qurshab olgan.
Al-Shifo kasalxonasidagi vaziyatni sharhlar ekan, vakil ushbu tibbiyot muassasasida hali 259 yarador, shuningdek ular bilan birga koʻp sonli uyini tark etgan falastinliklar va tibbiyot xodimlari borligini taʼkidlagan.
– Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti delegatsiyasi bir necha kun oldin “Al-Shifo”ga bordi va evakuatsiya masalasini muvofiqlashtirishga harakat qildi, – dedi Al-Qudra. – Afsuski, hozircha bu borada hech qanday ijobiy yangilik yoʻq.