G‘aznachi bankomatdagi pullarni talon-toroj qilgan
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan AT “Xalq banki” Quvasoy filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu bank filiali g‘aznachisi X.R.ning kirdikorlari fosh bo‘ldi. U o‘ziga biriktirilgan bankomatni naqd pul bilan to‘ldirish hamda seyf qismidagi kassetalarni olish uchun ruxsat berilganidan foydalanib, joriy yilning may-iyun oylarida jami 212,8 million so‘mni yaqin qarindoshi S.Sh. hamda o‘zining plastik kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA