Gaz to‘ldirish shoxobchasi mavsumga tayyor
2025-2026 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish har bir tizim egalari oldiga qator vazifalarni qo‘yadi. O‘z navbatida gaz ta’minotida ham kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Mavsumda iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish, uzilishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida suyultirilgan gaz iste’molchilari 19 ming 616 tani tashkil etadi. Hududda “Navbahor” gaz to‘ldirish shoxobchasi joylashgan bo‘lib, aholiga suyultirilgan gaz ushbu shoxobcha orqali yetkazib beriladi. Bu yerda iste’molchilardan bo‘shab olib kelingan gaz ballonlar og‘ir qoldiqdan tozalanadi. So‘ngra taroziga qo‘yilib, belgilangan kilogrammda suyultirilgan gazga to‘ldiriladi. Shundan keyin reja-jadvalga ko‘ra, mahallalarga maishiy gaz ballon yetkazib berish jarayonlari boshlanadi. Albatta, bunda ish jarayoni mas’uliyat va xavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda tashkil etiladi.


– Gaz to‘ldirish shoxobchamizni kunlik qabul qilish quvvvati 45 tonnani tashkil qiladi, – deydi shoxobcha mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi muhandisi O‘tkir Hojiyev. – Kuniga 18,5 tonnagacha suyultirilgan gaz maishiy gaz ballonlarda aholiga yetkazib beriladi. Bu uchun beshta maxsus “ISUZU” transport vositalari jalb etilgan. Gaz to‘ldirish shoxobchamiz kuz-mavsumi uchun tayyor holga keltirilgan. Mashinalar texnik sozligi ko‘zdan kechirilgan. Shu bilan birga kuz-qish mavsumi uchun 105 ta zaxira gaz ballonlarimiz mavjud.


Navbahorliklarga o‘tgan oktyabr oyida 210 tonna, noyabr oyining shu davriga qadar esa 158 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri