Gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash ishlari yakunlanish arafasida
Yurtimizga kuz fasli kirib kelishi bilan kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari tomonidan qahraton qishga tayyorgarlik ishlari jadal bosqichga kiradi. Xususan, "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali bu borada bir qator amaliy ishlarni amalga oshirmoqda.
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi Davlatobod mahallasi hududida joylashgan 6-kichik nohiyadagi ko‘p qavatli uylarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi yerosti past bosimli gaz tarmog‘ini mukammal ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.


– Belgilangan reja asosida jami 4,2 kilometr gaz tarmog‘ini ta’mirlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda uning 4 kilometrlik qismida ishlar bajarildi. Bu umumiy rejaning qariyb 95 foizini tashkil etadi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Nasiba Abdullayeva. – Ta’mirlash ishlari gaz tarmog‘ining texnik holatini yaxshilash, uning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash hamda ko‘p qavatli uylardagi iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish ishonchliligini oshirishga qaratilgan.

Ayni paytda qolgan 200 metr tarmoqda ham zarur ta’mirlash ishlarini yakunlash choralari ko‘rilmoqda.

Qishga hozirlik ko‘rishga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlar Namangan viloyatining barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.