Gaz ta’minotida muammo bo‘lmaydi
Buxoroda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida soha xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda viloyatda aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash hamda servis xizmat ko‘rsatish, xavfsizlikni ta’minlash, sohada turli mavjud kamchiliklarning oldini olish, qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan samarali ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ikki bosqichli tizimga o‘tish, qarzdorlikning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, Buxoro viloyatida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan 268 mingdan ortiq aholi xonadonlari tabiiy va 167 mingdan ortiq iste’molchilar suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilariga gaz ta’minoti filiali tasarrufida bo‘lgan 7625,6 kilometr gaz quvurlari va 5683 gaz maromlash punktlari orqali yetkazib berilmoqda. Gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilda mavsumga tayyorgarlik ishlari samarali tashkil etildi. Jarayonlar esa ayni damda barcha tuman va shaharlarda davom etmoqda.
Matbuot anjumani davomida bu bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Xususan, gaz taqsimlash punktlarida kapital ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilganligi, 4044 dona gaz maromlash qurilmalari taftish qilinganligi, jarayonlar 66 foizga bajarilganligi aytib o‘tildi. Qator hududlarda gaz quvurlari rekonstruksiya qilinib, yer osti gaz quvurlari yer ustiga chiqarilmoqda. Shuningdek, 167 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchilariga gaz ballonlarini yetkazib berish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida bu borada olib borilayotgan amaliy ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Yarim yil davomida 15 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz berilganligi qayd etildi. Joylarda gaz ballonlari nazorat tarozilarida o‘lchab va to‘lovlar doim maxsus kartalarda to‘langanligi, gaz ballonlari 35 kunga bormay yetkazilayotganligi ta’kidlandi. Har bir amaliy ish videolavhalar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
[gallery-12939]
Ma’lumki, yurtimizda deyarli barcha sohada innovatsion yangilanishlar kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu yangilanish gaz tizimida ham bo‘y ko‘rsatdi. Matbuot anjumani davomida shu haqida ham tushuntirish berildi. Uy ichi gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda xavfsizlikni ta’minlash, belgilab berilgan narxnomalar to‘g‘risida ham ta’kidlab o‘tildi. Bugun har bir iste’molchi ko‘rsatilgan texnik xizmat uchun to‘lovlarni onlayn amalga oshirishi mumkinligi bildirildi. Shuningdek, mavsum davomida gaz jihozlarini soz holatga keltirish lozimligi, is gazidan zaharlanishning oldini olish va dudburonlarning to‘g‘ri o‘rnatilishi haqida batafsil ma’lumo berildi.
Tadbir so‘ngida jurnalist va blogerlar tomonidan savollar, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA