Gaz o‘g‘rilari fosh etildi
Mamlakatimizda energetika resurslaridan oqilona foydalanish, aholini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda sohada qonuniylikni mustahkamlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, yashirin ulanishlar va talon-torojlikka qarshi kurashish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylangan.
Shu maqsadda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialining komplayens nazorat tuzilmalari hamda tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan joylarda muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tekshiruvlar davomida bir qator qonunbuzarlik holatlari fosh etildi.
Jumladan, Qorako‘l tumanidagi “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro R.Sh.ning xonadonda tashkil etgan novvoyxonasi tekshirilganda, u tijorat maqsadida yashirin tarmoq orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holat oqibatida 260 million 172 ming so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Romitan tumani Gazberon mahallasida yashovchi fuqaro F.X. esa gaz hisoblash uskunasidan oldin quvurga yashirincha ulanib, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazgan. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan qayta hisob-kitob natijasida noqonuniy sarflangan tabiiy gaz qiymati 239 million 559 ming so‘mni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro shahrining Jo‘bor mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro R.A. ham xuddi shunday usulda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Unga nisbatan 161 million so‘mlik dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Shofirkon tumanining Jilvon mahallasida qayd etilgan yana bir holatda esa fuqaro Z.L. gaz ta’minoti korxonasi bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzmasdan, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib olgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qonunbuzarlik uchun 53 million so‘mlik zarar miqdori belgilandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham jiddiy tahdid hisoblanadi. Bunday harakatlar gaz ta’minoti tizimida bosimning pasayishiga, avariya holatlarining kelib chiqishiga va. eng achinarlisi, insonlar hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Tekshiruvlar davomida aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri