Gavi: orzum ushaldi, Jahon kubogini Ispaniyaga qaytarish uchun bor kuchimni ishga solaman
Iqtidorli futbolchi og‘ir jarohatlar sababli deyarli bir yil davomida milliy terma jamoa libosida maydonga tusha olmagan edi.
Kataloniyaning «Barselona» klubi markaziy yarim himoyachisi Gavi Ispaniya milliy terma jamoasining bo‘lajak jahon chempionati uchun e’lon qilingan yakuniy tarkibidan joy olganiga munosabat bildirdi.
Qayd etish joizki, iqtidorli futbolchi og‘ir jarohatlar sababli deyarli bir yil davomida milliy terma jamoa libosida maydonga tusha olmagan edi. Ushbu uzoq tanaffusdan so‘ng bosh murabbiy Luis de la Fuente unga yana ishonch bildirdi.
Xushxabar e’lon qilinganidan keyin Gavi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida muxlislarga murojaat yo‘lladi.
— Orzum ushaldi, endi men o‘z mamlakatim sharafini himoya qilgan holda faoliyatimdagi ikkinchi jahon chempionatida ishtirok eta olaman, — deb yozadi Gavi. — Chekkan barcha azoblarimiz, ko‘plab pasayish va ko‘tarilishlardan so‘ng, bu turnir men uchun mutqalo boshqacha ahamiyat kasb etadi. Ammo sizni ishontirib aytamanki, jahon kubogini uyga — Ispaniyaga qaytarishimiz uchun qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatni ishga solaman.
Ma’lumot o‘rnida, ortda qolgan mavsumda 21 yoshli yarim himoyachi «ko‘k-anorranglilar» safida jarohat sababli jami 13 ta uchrashuvda maydonga tushdi va o‘z hisobiga bitta samarali golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, Ispaniya milliy terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichida Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni hamda Urugvay terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. «Qizil furiya» turnirdagi o‘z yurishini 15-iyun kuni Kabo-Verdega qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.