G‘arbdan sharqqa tomon ipak yo‘li bo‘ylab
28-aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahridan yo‘lga chiqqan “Sharq-G‘arb Ipak yo‘li” avtorallisi ishtirokchilari Samarqand shahriga yetib keldi.
Turkiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Angliya, Bolgariya davlatlari vakillaridan iborat guruh shu paytgacha Gruziya, Ozarbayjon va Turkmaniston davlatlaridan o‘tib, avval Xiva hamda Buxoro shaharlarida bo‘ldi.

Ralli ishtirokchilari Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Serdar Deniz bilan uchrashib, safar taassurotlari bilan bo‘lishdi. Uchrashuvda avtoralli orqali davlatlar va millatlararo do‘stlik, birodarlik aloqalari mustahkamlanayotgani, turli xalqlar vakillari hamjihatlikni targ‘ib etayotgani ta’kidlandi.
– 20-30 yillik avtomobillarda cho‘llardan, tog‘lardan, turli sharoitdagi yo‘llardan o‘tib, Samarqandga yetib keldik, – deydi “Sharq-G‘arb Ipak yo‘li” rallisi rahbari Nadir Serin. – Avtosayohat davomida har xil vaziyatlar yuzaga kelmoqda, avtomobillarda nosozliklar kuzatilyapti, lekin barini birgalashib yengib o‘tyapmiz. Buxorodan Samarqandga kelayotganimizda qiziq holat bo‘ldi. FIAT rusumli avtomobillarimizdan birida jiddiy nosozlik yuzaga keldi. Omadimiz bor ekan, buxorolik yaxshi ustaga yo‘liqdik va u juda mohirlik bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “Matiz” rusumli avtomobilning ehtiyot qismini nosoz avtomobilimizga o‘rnatib berdi.

Xivada, Buxoroda bo‘lganimizda aholi avtomashinalarimizga qiziqib, suratlarga tushdi, ular bilan suhbatlashdik. Ijtimoiy tarmoqlarda biz haqimizda fikr bildirishdi. Bu kabi rallilarning asl maqsadi ham shu odamlar orasida do‘stlik, oqibat o‘lmasligi, siz g‘arbda yashaysizmi yoki sharqlikmisiz, buning ahamiyati yo‘q. Dunyoning qaysi chekkasida istiqomat qilmaylik, biz insonmiz va shu nomga munosib qolishimiz kerak.
“Sharq-G‘arb Ipak yo‘li” rallisi 2009-yildan buyon o‘tkazib kelinadi va o‘tgan yil u “Tunadan Orxungacha Ipak yo‘li rallisi” nomi bilan o‘tkazilgan edi. Markaziy Osiyo davlatlari ham 5 yildan buyon mazkur avtorallining muhim nuqtalariga aylangan. Ishtirokchilarning keyingi manzili Qozog‘iston shaharlari bo‘lishi kutilmoqda.


G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri