G‘arb razvedka agentliklari rahbarlari Davosda uchrashmoqda
Ma’lumki, shu kunlarda Shvetsariyaning Davos shahrida Jahon iqtisodiy forumi kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu tog‘li mintaqa iqtisodiy masalalarni muhokama qilishdan tashqari, G‘arb razvedka agentliklari o‘rtasida maxfiy muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish joyi bo‘lib ham xizmat qiladi.
Razvedka agentliklari rahbarlarining bu galgi uchrashuvi Grenlandiya atrofidagi keskinlashib borayotgan vaziyat, shuningdek, Eron va Ukrainadagi inqirozlarni hisobga olgan holda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, deyish mumkin.
“Intelligence Online” nashri xabariga ko‘ra, Davosda razvedka hamjamiyatining yuqori martabali shaxslari ishtirokida muloqot o‘tkazilishi kutilmoqda. Ular orasida Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktorining o‘rinbosari Mixail Ellis, Britaniya MI6 ning yangi rahbari Metreveli va Daniya harbiy razvedkasi (DDIS) rahbari Arenkiel ham bor. Nashrning ta’kidlashicha, Mossad rahbari Barnea, shuningdek, Kanada va Avstraliya kabi boshqa mamlakatlar razvedka xizmatlari vakillari ham ushbu yig‘inda ishtirok etadi.

Shubhasiz, forumda siyosiy munozaralarga aylangan mavzu – Grenlandiya masalasi asosiy e’tibor markazida bo‘ladi.
Ma’lumki, AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish rejasini qo‘llab-quvvatlamagan mamlakatlarga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilmoqda. Natijada AQSH, Buyuk Britaniya va Daniya o‘rtasidagi keskinlik kuchaymoqda. Qolaversa, Qo‘shma Shtatlarning orolga qilayotgan da’volari hamda amalga oshirayotgan harakatlari G‘arb razvedka agentliklariga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Ekspertlar fikricha, ular milliy xavfsizlikning barcha mumkin bo‘lgan oqibatlarini ko‘rib chiqishi kerak.
– Yashirin muhokamalar nafaqat Grenlandiya, balki Eron va Ukraina kabi boshqa qaynoq nuqtalar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, -deyiladi maqolada.

Ma’lumot o‘rnida: 2021 yilda Davos forumi prezidenti Brende anjuman doirasida “razvedka sektori”ni yaratish g‘oyasini taklif qilgan edi. Myunxen xavfsizlik konferensiyasi yoki Singapurdagi Shangri-La forumi kabi Davos ham allaqachon global razvedka xodimlarining norasmiy uchrashuvlari o‘tkaziladigan joyga aylangan.
Bu yilgi forumda ishtirok etish josuslik idoralarining yuqori martabali vakillari hali ham kurortni yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar uchun jozibador joy deb bilishlarini tasdiqlamoqda.
S.Rahimov, O‘zA