GAP YO‘G‘IDA GAP: yer ostida nimalar bo‘layapti o‘zi?
So‘nggi 3-4 kunda poytaxt metropolitenida yana texnik nosozliklar yuz berayotgani, ma’muriyat bundan aholini ogoh etib, noqulaylik uchun uzr so‘ragan hollari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘la boshladi.Buning yomon joyi yo‘q. Ammo kishini o‘ylantirib qo‘yadigan jihati – yer ostida nimalar bo‘layapti o‘zi, degan savol...
So‘nggi yillar, oylar metro xizmati haqida kishini quvontiradigan xabarlar go‘yo to‘xtab qolgandek yoki siz eshityapsizmi?.. Holbuki, yangi – zamonaviy vagonlar keltirildi, bekatlarda xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar soni ham oldingi yillardagidan ko‘ra ko‘proqdek hatto. Xo‘sh, muammo nimada?.. Bugun metropoliten faoliyati bilan bog‘liq noxushliklar kecha yoki bir-ikki oy yo‘l qo‘yilgan xato, e’tiborsizlik mevasimi?..
Ancha yillar burun qo‘ydek yuvosh qo‘shnim, bir umr metropolitenda ishlab kelayotgan Tolik (ismi o‘zgartildi) akani uyimiz biqinidagi bog‘ atrofida uchratib qoldim. Tolik mast edi. Men bungacha va bundan keyin ham uni bu holatda ko‘rmadim. Qarasam, doim o‘zi bilan o‘zi bo‘lib yuradigan qo‘shnimning dardi dil qilgisi bor.
– Bayramdanmi? – dedim, ahvoliga ishora qilib...
– Do‘stimni kuzatib qaytyapman.
– So‘nggi manzilgami?..
– Shunday desa ham bo‘ladi...
– E eye...
Shunda tabiatan og‘ir-bosiq Tolik aka yorildi. – Bilasanmi, dedi, – yer ostida ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Yuzlab yo‘lovchilarning taqdiri seni qo‘lingda bo‘ladi. Sen esa o‘z ishingni, kasbingni besh qo‘ldek bilishing lozim. Mana, men mashinistman, agar metropoliten tizimining ipidan ignasigacha bilmas ekanman, mashinistligim bir tiyin...
Bizga yangi rahbar kelgan. U kunda-kunora majlis qiladi va bir gapni to‘tidek takrorlaydi: "Nezamenimыx lyudey net... Bilib qo‘yinglar! Biz hech kimni majburlab ushlab turganimiz yo‘q. Odam kerak bo‘lsa, ana Chorsu, mardikor bozordan olib kelamiz..."
Ishonasanmi, bu gaplardan hafsalasi pir bo‘lgan qancha-qancha yaxshi mutaxassislar ketib qoldi. Hech kim nima bo‘layapti o‘zi, demaydi.
Bugun ham bir hamkasbimizni kuzatib kelyapman. Sankt-Peterburg metropoliteniga ishga ketdi. Unga yaxshi maosh, bir yil oilaviy yotoqxonada yashash, keyin uy-joy bilan ta’minlashni va’da qilishibdi. Tajribali mutaxassislarimiz Moskva, Qozon, Novosibirsk, Sankt-Peterburg kabi shaharlarga ketib qolishyapti, to‘g‘rirog‘i, ularni tayyor mutaxassis sifatida ishga taklif qilib, olib ketib qolishyapti. Bizning boshliq bo‘lsa, vaziyatni o‘nglash o‘rniga, o‘sha-o‘sha, "Nezamenimыx lyudey net! Ana Chorsu bozori, kerak bo‘lsa..."dan nariga o‘tmaydi.
Bilasanmi, sen..., – Tolik aka menga shunday boqdiki, ko‘zlari jiqqa yosh edi, – Bizda tayyor mutaxassislarni ko‘kragidan itarib turganda, boshqalar ularni quchoq ochib kutib olmoqda. Axir har qanday ishning, sohaning rivoji yaxshi, malakali mutaxassis bilan emasmi?.. Bilmadim, bir necha yildan keyin bu tizim nima bo‘larkin?!
Shu gaplarni ayta turib, u mengami yoki o‘sha nobop rahbarigami bir qo‘l silkidi-yu, keta boshladi...
Oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Qo‘shni bo‘lganimiz bois uni yoki o‘zidan uch-to‘rt yosh katta bo‘lgan ayolini deyarli har kun ko‘raman. Samimiy salom-alik qilamiz. Ammo, ko‘p yillar burun o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan gap – yopilgan qozon yopiqligicha qoldi...
Metropolitenning yangi yo‘nalishlarini ochishda ishtirok etib, tuproq ostida qolib ketgan mardikor yigitlar haqida o‘ylaganimda, ko‘z o‘ngimda Tolik akaning o‘sha holati, moviy ko‘zlarida g‘iltillab turgan yoshlarni ko‘raman, yo‘lovchilarni yer ostida po‘lat izlar bo‘ylab bekat tomon piyoda sarosima ketayotganlarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib qolganimda, eshiklari yopilmasdan harakatlanib ketayotgan poyezd haqida eshitganimda, bir poyezd ikkinchisiga kelib urilgani olamga doston bo‘lganida, ba’zida tig‘iz vaqtda ham oraliq masofa 8-9 daqiqani tashkil etayotganiga guvoh bo‘lganimda, yo‘llarda tez-tez texnik nosozliklar yuz bera boshlaganda Tolik aka bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz yodga tushaveradi.
Bir paytlar ekib ketilgan nihollar bugun o‘z mevasini berayotgan bo‘lsa-chi, deyman va hushyor tortaman. E’tiborliroq bo‘laylik, bu mevalarning achchiq ta’mini tatib ko‘rish istalgan odamning yoki Toshkentga tashrif buyurgan mehmonning chekiga tushishi mumkin.
A.Narzulloyev, O‘zA