G‘allaorolda yangi o‘quv markazi ish boshladi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan yana bir muhim ta’lim maskani o‘z faoliyatini boshladi. Prezident tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan “Ko‘mak” loyihasi doirasida barpo etilgan mazkur markaz kelajak egalari uchun zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashda mustahkam tayanch bo‘ladi.

Mazkur ta’lim maskani Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga izchil tatbiq etilayotgan “Ko‘mak” loyihasi doirasida barpo etildi. Uning asosiy maqsadi yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularga zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalar berish, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.

Markazda ta’lim jarayonini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha zarur imkoniyatlar muhayyo qilingan. Zamonaviy talablar asosida jihozlangan o‘quv xonalari, qulay ta’lim muhiti hamda malakali mutaxassislar ishtirokida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar yoshlarning bilim va mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularning zamonaviy kasblarni puxta egallashi va mustaqil hayotga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun keng imkoniyatlar ochadi. Bu esa mamlakatimizda inson kapitali sifatini yuksaltirish, yoshlarning bandligini ta’minlash hamda ularning jamiyat taraqqiyotidagi faol ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.

“Taraqqiyot” o‘quv markazining ishga tushirilishi nafaqat “Qo‘ytosh” shaharcha fuqarolar yig‘ini, balki butun G‘allaorol tumani yoshlari uchun muhim voqeaga aylandi. Bu kabi tashabbuslar yosh avlodning bilim olishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va kelajakda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib voyaga yetishiga mustahkam zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri