G‘allachilik – qishloq xo‘jaligining asosiy tarmog‘i
Qishloq xo‘jaligi – har qanday mamlakatning asosiy iqtisodiy tayanchi. Uning rivoji nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki xalqning turmush darajasi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 2025 yil hosili uchun 1 million 221 ming gektar maydonlarga boshoqli don ekinlari optimal muddatlarda ekilib, parvarishlangan. 2024 yilning kuzida cho‘l mintaqalariga ertapishar, tog‘oldi hududlariga intensiv tipdagi yuqori hosilli navlar joylashtirilib, yangi navlar salmog‘i 607 ming gektarga kengaytirilgan.

Xo‘sh, yurtimizda g‘allachilikni yanada rivojlantirish uchun qaysi agrotexnologiyalar yoki innovatsion yondashuvlar joriy qilinishi kerak? Hozirgi kunda fermerlar uchun qaysi turdagi bug‘doy yoki boshqa don ekinlari eng hosildor va chidamli hisoblanadi?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdulla Mansurov mazkur masalada quyidagilarni gapirib berdi.
– G‘allachilik – qishloq xo‘jaligining asosiy tarmog‘i. Boshoqli don ekinlarini to‘g‘ri parvarishlash aholini arzon va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashga xizmat qiladi, qishloq joylarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada davlat, fermer va olimlar hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Respublikada g‘alla hosildorligini oshirishda yangicha innovatsion usullarni joriy etish maqsadida urug‘lik bug‘doyni ekish oldidan sovitgichda saqlab ekish (yarovizatsiya) amaliyotini qo‘llash tajribasi o‘rganildi. Epigenetik yondashuvdan kelib chiqib, joriy yil hosili uchun 260 tonna urug‘lik don hududlarda mavjud sovitgichli omborlarda 40-45 kun saqlanib, 31 tumandagi 62 ta g‘alla yetishtiruvchi sub’ektning 1 ming 51 gektar yerida yarovizatsiya qilingan urug‘lik ekib, parvarish qilindi. Sinov jarayonida ijobiy natijalar qo‘lga kiritildi. Xususan, yarovizatsiya qilingan urug‘lik bug‘doy 2-3 kun erta unib chiqib, unuvchanlik va o‘sish quvvatining yuqori bo‘lgani hamda oddiy ekish usuliga nisbatan gektariga 0,5-1,0 million donagacha qo‘shimcha hosil olingani kuzatildi.
Hozirda O‘zbekiston seleksiyasiga mansub “Davr”, “O‘zbekiston-25”, “Bunyodkor”, “Nodir”, “Hisorak”, “Qadr”, “Shukrona”, “Asr”, “Yuksalish”, “Ultra”, “Asr chilgisi” va xorijiy seleksiyaga mansub “Alekseich”, “Ahmad” “Vexa”, “Bezostaya-100”, “Temiryazevka-150”, “Antonina”, “Soberbash”, “Gurt”, “Yelanchik” kabi navlar mavjud. Bu navlar yurtimiz iqlimiga moslashuvchan, hosildor va chidamli navlar hisoblanadi.
Toshkent, Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi lalmi maydonlarda “No-till” texnologiyalari asosida 1000 gektardan g‘alla (tuproqqa ishlov bermasdan) ekilib, alohida nazoratga olingan. Mazkur nav Yevropa, AQSH, Meksika, Xitoy, Braziliya mamlakatlarining keng maydonlarida qo‘llaniladi. Toshkent viloyatida 2024 yil “No till” innovatsion texnologiyasini lalmi maydonlarda qo‘llash natijasida gektaridan 46 sentnerdan don hosili olingan.
To‘g‘ri sug‘orish va parvarishlash yerdan yuqori hosil olishning muvaffaqiyatli garovidir. G‘alla maydonlarini sharbat usulida sug‘orish ishlari tizimli tashkil etildi. Hududlarda mavjud 5,1 ming dona OVX va shtangali purkagichlar yordamida 1-1,5 martadan begona o‘t, kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. G‘alla maydonlari fizik holda gektariga o‘rtacha 750-770 kg.dan azotli o‘g‘it bilan oziqlantirilib, 3-4 marta makro va mikro elementlarga boyitilgan biostimulyatorlar yordamida bargidan suspenziya usulida ishlov berildi.
Bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari boshlangan. Joriy yil o‘rim-yig‘im mavsumini tizimli tashkil etish va yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish maqsadida 2 ming 914 dona don o‘rish kombayni ta’mirdan chiqarilgan hamda 2025 yil qo‘shimcha 195 dona yangi don o‘rim kombayni sotib olinib, joylarga yetkazib berilgan. Joriy yil hosilidan jami 2 million 850 ming tonna don jamg‘arish belgilangan.
Shuni alohida qayd etishim lozimki, g‘allachilikdagi eng muhim bosqichlardan biri — donni o‘z vaqtida va to‘g‘ri usulda yig‘ib olish. Agar bu jarayonga yetarli e’tibor berilmasa, katta mehnat bilan yetishtirilgan hosilning muayyan qismi yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) mumkin. Shuning uchun bu borada ehtiyotkorlik talab etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA