"G‘alla-2026": Buxoroda o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi
Joriy yilda Buxoro viloyatida 2026-yil hosili uchun 3 ming 20 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 65 ming gektar maydonga hududning tuproq va iqlim sharoitiga mos bo‘lgan yuqori hosilli g‘alla navlari ekilib, agrotexnik talablar asosida parvarish qilindi. Mavsum yakunlariga ko‘ra, g‘allakorlar tomonidan 650 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 214 ming 890 tonnasi davlat xaridi uchun topshiriladi. Uning 196 ming 890 tonnasi tovar don, 18 ming tonnasi esa urug‘lik dondan iborat bo‘ladi.
Har yilgi ezgu an’anaga muvofiq, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi arafasida Buxoroning muqaddas qadamjolaridan biri bo‘lgan Bahouddin Naqshband majmuasida ehson tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat faollari, tuman hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, mehnat faxriylari, diniy soha vakillari hamda agrosanoat majmui korxonalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Unda mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi, dehqon va fermerlar mehnatining barakali bo‘lishi, g‘alla hosilining mo‘l kelishi hamda o‘rim mavsumining xayrli va fayzli o‘tishi tilab duolar qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Xususan, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar va ilg‘or agrotexnik yondashuvlarning amaliyotga joriy etilishi sohada yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

Shuningdek, viloyatda bug‘doy navlarini yangilash, mahalliy sharoitga mos yuqori hosilli navlarni keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi olimlarini agrotexnik jarayonlarga jalb etish hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy manfaatdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirdi.

Viloyat rahbari el-yurt dasturxonining to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha g‘allakorlar, klasterlar, servis va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar jamoalarini mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga chaqirdi. Shu bilan birga, hosilni nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ishtirib olish bo‘yicha tuman hokimlari hamda soha mutasaddilari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Joriy yilgi o‘rim mavsumini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida barcha zarur texnika va mexanizmlar shay holatga keltirildi. Jumladan, 244 ta zamonaviy kombayn, 1220 ta yuk tashish avtomashinasi, 163 ta o‘t o‘rgich hamda 134 ta zichlab bog‘lagich texnikasi mavsumga to‘liq tayyorlangan. Shu bilan birga, o‘rim jarayonida mehnat qiladigan kombayn haydovchilari va mexanizatorlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralari ham ko‘rilgan.
Bugun Buxoro dalalarida pishib yetilgan oltin boshoqlar dehqon mehnatining samarasi, mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu hosil ortida minglab insonlarning mehnati, sabr-toqati va ezgu orzu-niyatlari mujassam.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri