«Galatasaroy» Osimhen uchun «Al-Hilol»ning 130 mln yevrolik taklifini rad etdi
Istanbul klubi ayni paytda Osimhenning transferi bo‘yicha muzokara olib borishni rejalashtirmayapti.
«Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimhen uchun Saudiya Arabistonidan tushgan yirik taklifni rad etdi. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi vositachi orqali nigeriyalik futbolchi uchun «Galatasaroy»ga og‘zaki ravishda 130 mln yevro taklif qilgan.
Biroq Istanbul klubi ayni paytda Osimhenning transferi bo‘yicha muzokara olib borishni rejalashtirmayapti. «Galatasaroy» rahbariyati hujumchini jamoada saqlab qolish niyatida.
27 yoshli Osimhen o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Nigeriyalik forvard 2025 yil 31 iyul kuni «Galatasaroy»ga doimiy asosda ko‘chib o‘tgan va klub bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagan. Uning transferi uchun 75 mln yevro to‘langan. Bu summa Turkiya Superligasi tarixidagi eng qimmat transfer sifatida rekord o‘rnatgan.